O‘qituvchilar majburiy attestatsiyaga jalb etilmaydi, maoshlar mavjud sertifikatlar asosida to‘lab beriladi, deya xabar berdi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi.
Bu yil majburiy attestatsiyaga jalb qilinishi kerak bo‘lgan pedagoglarning amaldagi malaka toifalari 2024 yilga qadar amal qiladi.
Qayd etilishicha, vazirlik tomonidan taʼlim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish va malaka toifalari berish bo‘yicha yangi shaffof va adolatli tizim ishlab chiqildi.
Unga ko‘ra, 2024 yil 1 yanvardan boshlab davlat maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlariga malaka toifasini berishning yangi tartibi joriy qilinadi.
“Yangi tartib joriy etilgunga qadar 2023 yilda navbatdagi majburiy attestatsiyaga jalb qilinishi kerak bo‘lgan pedagoglarning amaldagi malaka toifalari to‘g‘risidagi sertifikatlarining amal qilish muddati navbatdagi attestatsiya tashkil qilingunga qadar uzaytiriladi”, — deyiladi xabarda.


