Toliblar garchi inklyuziv hukumat tuzish, ayollar huquqi kamsitilmasligiga vaʼdalar berayotgan bo‘lsa-da, lekin keng omma ularning bu vaʼdalariga ishonayotgani yo‘q. Shu bois minglab afg‘onlar Afg‘onistonni tark etish ilinjida ekani hech kimga sir emas.
Mamlakatda taniqli 6 nafar afg‘onistonlik ayollarning bugungi Afg'oniston haqidagi fikr-mulohazalarini jamlashga harakat qildik.
Salima Mazari bundan avval tumanga rahbarlik qilgan. Hatto erkak davlat xizmatchilari yurtni tashlab qochayotgan bir vaqtda u hech qayoqqa ketmadi. “Tolibon”lar hokimiyatni egallagach uni asrga oldi.
Salima Mazari:
— Bugun deyarli barcha afg‘on xonadonida ocharchilik hukum surmoqda. Afg‘on ayollari zo‘ravonliklardan deyarli himoya etilmagan, vaziyat juda og‘ir.
Saxara Karimi, kinorejissyor, Afg‘oniston davlat kinostudiyasiga rahbarlik qilgan:
—“Tolibon”lar hokimiyatni bosib olgach ilojsizlikdan mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo‘ldim. O‘zim bilan faqat jiyanlarimni olib ketishga ulgurdim. Ularning men tufayli azob-uqubat chekishiga chidab turolmayman. Ular meni qatl etishlari, qarindosh-urug‘larimni tahqirlashlari aniq edi. “Tolibon”lar sanʼat va madaniyatni tan olmaydi, uning rivojlanishiga qarshi.
Xolida Popal, ayollar futbol jamoasi rahbari:
— Biz afg‘on ayollari orasida sportni targ‘ib qilish uchun bor kuchimizni ayamadik. Ayollar o‘rtasida futbol klubini tuzdik. Afsus va nadomatlar bo‘lsinki, barcha mehnatimiz chippakka chiqdi. “Tolibon”lar birinchi marta hokimiyatni egallaganidan so‘ng sportchi ayollarni ayovsiz kaltakladi, toshbo‘ron qildi, o‘ldirdi. Futbol stadionlarida futbol o‘ynagan afg‘on ayollarini birma-bir qatl qildi. Futbol maydoni qonli maydonga aylandi. Eʼtibor bering, Afg‘oniston ayollari hanuzgacha shafqatsizlikdan qochib, o‘zlariga o‘t qo‘yayotgan va nikoh yoshiga yetmagan qizlar uzatilayotgan mamlakat sifatida qolmoqda.
Ayollar futbol jamoasi 20 yil deganda shakllangan edi. Lekin men shahid ketgan qizlar uchun koptok tepishni davom ettiraman. Meni hech narsa to‘xtatolmaydi.
Shabnam Xon Davron, jurnalist:
–Toliblar televideniyeni egallab olgach, ishimni davom ettirishimga qarshilik ko‘rsatdi. O‘shanda atigi ikki-uch kun oldin ular ayollarning ishlashiga ruxsat berilishini aytgan edi. Ammo aytgan so‘zi ustidan chiqmadi. Qo‘limda ruxsatnomam bo‘lsa-da, ofisga kiritmadi, eshik oldidan qaytarib yubordi. Hayotimiz xavf ostida. Jangarilar afg‘on ayollariga nisbatan zo‘ravonlikni davom ettirmoqda.
Mina Asadi, teekvando sport ustasi:
—Shaxsan men tolibonlarga umuman ishonmayman, ular haqiqiy ekstremist.
Ular xonadonlarga kirib davlat xizmatida ishlaganlar va sportchilarni surishtirib yuribdi. Ular bizga o‘zlarini do‘st qilib ko‘rsatmoqda, ammo unday emas, ular hech kimga do‘st bo‘lmaydi. Avval qanday bo‘lsa shundayligicha qolgan, o‘zgarmagan. O‘zgardik, degan gaplariga ishonmaslik kerak.
Kristal Bayat, Kobulda toliblarga qarshi bosh ko‘targan faol ayollardan biri:
—Afg‘onistondagi ayollar huquqlarini himoya qilishni talab qilib namoyishlar o‘tkazdik. Ammo aksariyat ayollar qo‘rqib bizga qo‘shilmadi. Biz ular bilan qonimiz to‘kilguncha kurashamiz. Ular qarshisida hech qachon bosh egmaymiz. Axir afg‘on ayollarining ham boshqa ayollar kabi kelajagi porloq bo‘lishi, o‘qish va ishlashi uchun haq-huquqi bor. Toliblar menga taslim bo‘lishimni aytdi, ammo men ularga bosh egmadim. Men barcha afg‘on ayollariga shunday demoqchiman: o‘zingizni qo‘lga oling!
Munojat Valiyeva


