Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan respublikadagi umumtaʼlim maktablarning 2023/2024-o‘quv yiliga tayyorgarligi o‘rganildi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan respublikadagi jami 9978 ta umumtaʼlim maktablaridan 7039 tasida 2023/2024-o‘quv yiliga tayyorgarligi, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya qilinishi ustidan nazorat o‘tkazildi.
O‘tkazilgan tekshiruv natijalariga ko‘ra, umumtaʼlim maktablaridan jami 5398 tasi yangi o‘quv yiliga tayyor holatga keltirilgan, 1612 tasida tayyorgarlik ishlari davom etmoqda, 29 tasida esa taʼmirlash, jihozlash, tayyorgarlik ishlari olib borilmayotganligi aniqlandi.
Hududlar kesimida yangi o‘quv yiliga eng yaxshi tayyorgarlik Buxoro, Samarqand va Xorazm viloyatlarida ko‘rilgan.
Shuningdek, umumtaʼlim maktablarda sanitariya qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan 2752 nafar masʼul shaxsga nisbatan maʼmuriy choralar (jarimalar) qo‘llanilgan, 78 ta umumtaʼlim maktablar ish faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan, 1768 nafar ishchi-xodimlar tibbiy ko‘rikdan o‘z vaqtida o‘tmagani sababli ishdan vaqtincha chetlashtirilgan.


