Buxoro shahridagi jamoat transportida yo‘l haqini to‘lashda naqd pulsiz to‘lov tizimi joriy etiladi. Bu haqda viloyat hokimining 24-yanvardagi qarorida belgilandi.
Qarorga muvofiq, jarayon ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda 2026-yil 1-fevraldan boshlab quyidagi avtobus yo‘nalishlarida yo‘lkira faqat elektron to‘lov tizimi orqali qabul qilinadi:
- 2-sonli Buxoro ASHB — Sitora bozor,
- 5-sonli F. Xo‘jayev MFY — To‘qimachi bosh bekati,
- 10-sonli Alpomish ko‘chasi — Shayxon MFY,
- 17B-sonli Chorbakr bosh bekati — Aeroport,
- 19-sonli Karvon bozori — Karvon shopping,
- 33-sonli Trikotaj fabrikasi — Mohi Xosa sanatoriyasi,
- 1-sonli Buxoro ASHB — Zarmanoq yo‘nalishlari.
Ikkinchi bosqichda esa 2026-yil 1-apreldan boshlab shahardagi barcha mavjud avtobus yo‘nalishlarida yo‘l to‘lovlari faqat elektron shaklda amalga oshiriladi.
Buxoro shahar hokimligiga bir oy muddatda shahardagi avtobus bekatlariga elektron chipta sotish uchun o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatuvchi avtomatlashtirilgan infokiosklarni bosqichma-bosqich o‘rnatish vazifasi yuklatilgan.
Shuningdek, barcha avtobuslar validatorlar bilan jihozlanadi hamda yo‘l haqi ATTO avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi orqali to‘lanishi doimiy nazoratga olinadi. Hozirda Buxoro shahrida bir yo‘lovchi uchun yo‘l narxi 3 ming so‘mni tashkil etadi, ATTO orqali to‘lov amalga oshirilganda esa 2 ming so‘m etib belgilangan.
Ma’lumot uchun, Andijon shahrida 2026-yildan boshlab avtobuslarda naqd pul qabul qilish to‘xtatilgan edi.


