2-fevral kuni Buxoro va Surxondaryo viloyatlarida chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarishga qaratilgan zamonaviy investitsiya loyihalari qurilishiga tamal toshi qo‘yildi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantrish agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Buxoro viloyati Kogon tumani “Guliston” MFY hududida Xitoy Xalq Respublikasining Wangneng Environment kompaniyasi bilan birgalikda yiliga 547,5 ming tonna qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash va 230 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega zavod barpo etiladi.
Loyiha qiymati 140 mln AQSH dollari bo‘lib, ishga tushirilganda 150 yangi ish o‘rni yaratiladi.
Surxondaryo viloyati Angor tumani “Bahor” MFY hududida esa Xitoy Xalq Respublikasining CHSET kompaniyasi bilan yiliga 438 ming tonna chiqindini qayta ishlash va 75 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega zavod barpo etiladi.
Loyiha qiymati 150 mln AQSH dollari bo‘lib, ishga tushirilganda 150 yangi ish o‘rni yaratiladi.
Ushbu loyihalar atrof-muhitni muhofaza qilish, chiqindilarni poligonlarga joylash hajmini kamaytirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish va ekologik barqarorlikni ta’minlash kabi maqsadlarga xizmat qiladi. Zavodlar 2028-yilda ishga tushirilishi va 30 yil davomida faoliyat yuritishi rejalashtirilgan.
Jarayonda investorlar, viloyat hokimlari, agentlik rahbariyati, hududiy boshqarmalar, jamoatchilik va OAV vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, Toshkent, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Qashqadaryo, Samarqand viloyatlarida qurilish ishlari davom etmoqda, kelgusida Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatlarida ham loyihalar amalga oshiriladi.


