Buxoroda sotilayotgan telefonni olib qochishi ortiqdan “To‘sib ushlash” tadbiri o‘tkazildi. Bu haqida viloyat IIBB xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, 14 sentyabr kuni Buxoro tumanida yashovchi fuqaro X.S. viloyat IIBning 102 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, o‘ziga tegishli bo‘lgan iPhone rusumli telefonini sotish uchun internet tarmog‘iga joylashtirgan eʼlon bo‘yicha, unga notanish bo‘lgan fuqaro telefonni sotib olishini bildirib, u bilan telefon orqali gaplashib, oq rangli “Neksiya 3” rusumli, davlat raqam belgisiz, oynalari qoraytirilgan avtomashinada kelib, pulini avtomashinadan olib berishini aytib, avtomashinaga o‘tirib telefonni olib ketib qolganligini bildirgan.
Mazkur holat bo‘yicha soat 02:30da Buxoro viloyati bo‘yicha davlat raqam belgisiz bo‘lgan “Neksiya 3” rusumli transport vositasini “To‘sib ushlash” rejasi harakatga keltirilgan.
Olib borilgan tezkor qidiruv surishtiruv ishlari natijasida “Neksia 3” rusumli avtomashina Buxoro shahar I.Karimov ko‘chasida harakatlanib yurganligi aniqlangan. Soat 04:41 larda mazkur transport vositasini boshqargan 2003 yilda Buxoro tumanida tug‘ilgan Buxoro shahar “Foshun” mahallasida yashovchi M.A., IIOlari xodimlarining qonuniy to‘xtash ishoralariga bo‘ysunmasdan bir nechta transport vositalariga texnik shikast yetkazgan.
Mazkur holatni sodir etgan haydovchi va transport vositasi ushlanib, Buxoro viloyati Prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 219-moddasi 2-qismi hamda Buxoro viloyati IIB TB tomonidan 166-moddasining 3-qismlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib O‘zbekiston Respublikasi JPKning 221-moddasi tartibida M.A. qamoqqa olingan.
Ushbu holat yuzasidan hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.


