Buxoro viloyati Buxoro shahridagi 4-sonli umumtaʼlim maktabida o‘qituvchi o‘quvchilarni kaltaklab dars o‘tgani haqidagi video ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Buxoro viloyati Xalq taʼlimi boshqarmasi matbuot xizmati bergan maʼlumotlarga ko‘ra, mazkur o‘qituvchi o‘z arizasiga ko‘ra vazifasidan ozod etilgan.
Qayd etilishicha, ushbu holat Buxoro viloyatida favqulodda vaziyat sifatida baholanib, shu kunning o‘zida viloyat hokimi o‘rinbosari Mirali Hamroyev rahbarligida xalq taʼlimi bo‘limlari mudirlari, maktab direktorlari ishtirokida ZOOM orqali yig‘ilish o‘tkazilib, bu holat keng muhokama qilingan.
Shuningdek, o‘qituvchilarning pedagogik madaniyatini oshirish va bunday xunuk holatlarning oldini olish borasida qatʼiy topshiriqlar berilgan.
Hozirda mazkur holat bo‘yicha o‘rganish ishlari huquq-tartibot idoralari hamkorligida davom etmoqda.


