Buxoro viloyatida haydovchilik guvohnomasini olib berishni va’da qilgan avtomaktab rahbari ushlandi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning G‘ijduvon tumani bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.
Aniqlanishicha, “M.A.” MCHJ avtomaktabi rahbari fuqarolar D. R. va S. R. ning ishonchiga kirib, ularning farzandlariga “V, S” toifadagi haydovchilik guvohnomasini olish uchun o‘qiganligi to‘g‘risida imtihon varaqasi hamda guvohnoma tayyorlab berishni va’da qilgan.
U mazkur xizmat evaziga 16 million so‘m pul mablag‘ini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlangan. Shundan 6 million so‘mi protsessual tartibda qaytarilishi rasmiylashtirilgan.
Hozirda ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda


