Buxoro viloyatida o‘zini mansabdor shaxs sifatida tanishtirib, Telegram orqali firibgarlik bilan pul undirgan shaxs fosh etildi. Bu haqda Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yil 28-dekabr kuni gumondor mahalliy amaldor nomidan soxta Telegram akkaunti yaratgan. Shundan so‘ng u ushbu akkaunt orqali bir nechta tashkilot xodimlari bilan yozishmalar olib borgan va o‘zini mansabdor shaxs sifatida ko‘rsatgan.
Firibgarlik yo‘li bilan u jabrlanuvchilardan qariyb 8 million so‘m pul mablag‘ini undirib olgan. Mablag‘lar gumondorning bank kartasiga o‘tkazilgan.
Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari gumondorni aniqlab, qo‘lga oldi. U 1982-yilda tug‘ilgan, ilgari bir necha bor sudlangan shaxs ekani ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan gumondorga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.


