Buxoroda sog‘liqni saqlash sohasida faoliyat olib boruvchi mansabdor shaxs pora bilan ushlandi, deya xabar bermoqda IIV axborot xizmati.
Qayd etilishicha, respublika tez tibbiy yordam markazi Buxoro filiali mansabdori bir fuqaroni o‘zi rahbarlik qilib kelayotgan tibbiyot muassasasining filiallaridan biriga hamshira vazifasiga ishga qabul qilishni vaʼda qilib, evaziga tamagirlik yo‘li bilan 300 AQSH dollarini pora tariqasida berishni talab qilgan.
16 may kuni soat 14:50 larda huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida tibbiyot muassasasi rahbari o‘z xizmat xonasida kimyoviy ishlov berilgan 300 AQSH dollarini olayotgan vaqtida jinoyat ustida qo‘lga tushgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.


