Maʼlumki, 2021-yil 31-dekabrda Turkiyaning “Aksa Enerji” kompaniyasi tomonidan Buxoro viloyatining Buxoro tumanida qurilgan, quvvati 270 mvt bo‘lgan gaz-porshenli issiqlik elektr stansiyasining ilk qurilmasi ishga tushirilgan edi.
Mazkur elektr stansiyasi 2022-yil 11-yanvar soat 16:32 da O‘zbekistonning yagona elektr tarmog‘iga quvvat uzatishni boshladi.
Ushbu issiqlik elektr stansiyasi yiliga 2,2 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarib, viloyatning 80 foiz isteʼmolini qoplaydi.
Qurilmalarning foydali ish koeffitsiyenti yuqoriligi hisobiga yiliga 260 million metr kub tabiiy gaz tejaladi.Tejalgan tabiiy gaz hisobiga qo‘shimcha 900 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoni yaratiladi.
Ushbu investitsiya loyihasi Prezidentimizning 2021 yil 4 martdagi PQ-5018-son qaroriga muvofiq davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida amalga oshirildi.
Energetika vazirligi matbuot xizmatining maʼlumotlariga ko‘ra, umumiy qiymati 150 million dollarga teng bo‘lgan mazkur loyiha turkiyaning “Aksa Enerji” kompaniyasi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hisobiga amalga oshirildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 2025 yilgacha 18 ta elektr stansiya foydalanishga topshirilishi hamda Surxondaryo va Xorazmda elektr stansiyalari qurilishi haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova


