Buyuk Britaniya Bosh vaziri Keyr Starmer yaqin kunlarda Falastin davlatini rasman tan olish haqida bayonot berishi rejalashtirilmoqda. Mazkur qaror, avvalroq u ta’kidlaganidek, Isroilning G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatishi va tinchlik yo‘lida amaliy qadamlar tashlashiga bog‘liq edi.
Isroil hukumati va garovdagilar oilalari ushbu tashabbusni keskin tanqid qilib, uni “terrorchilikni rag‘batlantirish” deya baholadi. Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu qarorni qoralagan bo‘lsa, AQSh Prezidenti Donald Tramp ham unga qarshi chiqqanini bildirdi.
Britaniya hukumati bu qadamni G‘azo sektoridagi og‘ir insonparvarlik vaziyati va G‘arbiy sohilda davom etayotgan noqonuniy aholi punktlari bilan izohladi.
Falastin Prezidenti Mahmud Abbos esa mazkur qarorni olqishlab, uni mintaqada adolatli tinchlik sari muhim qadam sifatida baholadi. Shu bilan birga, BMTga a’zo davlatlarning aksariyati Falastinni tan olgani, shuningdek, yaqinda Portugaliya, Fransiya, Kanada va Avstraliya ham bu yo‘ldan borishini bildirgani ma’lum qilindi.


