Har bahorda minglab mavsumiy ishchilar Buyuk Britaniyaga ho‘l mevalarni yig‘ish uchun keladi, ammo bu yil ular ancha olisdan kelishgan. BBC o‘zbek xizmati bu haqda maxsus maqola tayyorladi.
Brekzit (Buyuk Britaniyaning YEIni tark etishi — Tahr.)dan oldin ko‘pchilik ishchilar Polsha, Ruminiya va Bolgariyadan kelar edi.
Endilikda, nepalliklardan tashqari, ingliz ishlab chiqaruvchilar Indoneziya, Mongoliya, Tojikiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan ishchi yollamoqda.
Janob Xatri bu yerda yangi, lekin u ingliz tilini biroz biladi va ferma egalari uning bu yerda ekanligidan mamnun.
Yoz mavsumi uchun yetarlicha ishchi yollash doim qiyin, biroq bu yil ho‘l meva mavsumi avj pallasiga chiqish arafasida ekan, ko‘plab fermerlar terimchi yetishmasligidan har qachongidan ham ko‘proq xavotirda ekanliklarini aytishmoqda.
Waitrose, Tesco va Marks and Spencer do‘konlarini taʼminlab turuvchi, Retford yaqinidagi Harvil fermasidan Jenni Tasker turli millatga mansub insonlarni yollab kelgan. Ammo bu yil ularning ishchilari to‘qqiz davlatdan, jumladan, 35 nafari Nepaldan birinchi marta, 45 nafari Tojikistondan va uch nafari Indoneziyadan kelgan.
Tasker xonimning aytishicha, yollanganlar bir-biri bilan yaxshi kelishadi, ammo muammolarmavjud.
"O‘rgatadigan narsalarimiz ko‘p, shuning uchun jarayon sekin ketyapti, - deydi u. - Bu har ikki tomonning sabr-toqati masalasidir". Shu bilan birga u mevalar o‘z vaqtida terib olinmasligidan xavotirda.
British Berry Growers (BBG) sanoat tashkiloti maʼlumotlariga ko‘ra, Buyuk Britaniyada ho‘l meva ishlab chiqarish barqaror o‘sib bormoqda,ammo yo‘qotishlar ham o‘syapti. Mevalar terimga qachon tayyor bo‘lishini oldindan aytish qiyin. Ammo ular yetilganidan keyin uzoq vaqt saqlanishi muammoli masala, sifati tez buzilishi mumkin.
BBG aʼzolari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, ishchi kuchi yetishmovchiligi tufayli yo‘qotilgan mahsulot qiymati so‘nggi ikki yilda taxminan ikki baravar oshgan. BBG maʼlumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili 36 million funt sterlinglik meva isrof qilingan. Umumiy ishlab chiqarish qiymati 760 million funt sterlingni tashkil etadi.
"Juda asabiy"
Harvil fermasida janob Xatri va uning akalari kabi ishchilar uy-joy bilan taʼminlangan, barcha treylerlarda bepul Wi Fi o‘rnatilgan. Britaniya fermer xo‘jaliklari ishchilarni qaytishga ishontirish uchun yildan-yilga ko‘p harakat qilmoqda, qisman Brekzitdan keyin Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan qaytganlar soni kamaydi.
O‘tgan yili ukrainaliklar bo‘shliqni to‘ldirishdi, ammo bu yil harbiy harakatlar tufayli 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan ukrainalik erkaklarning vatanidan chiqishlari taqiqlangan.
Ukrainadagi vaziyat, Brekzit va Kovid oqibatida vujudga kelgan holat sababli parlament qo‘mitasi aprel oyida Buyuk Britaniyaning oziq-ovqat sektorida jiddiy ish kuchi etishmasligi, agar chora ko‘rilmasa, oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid solishi mumkinligi haqida ogohlantirishga olib keldi.
O‘shandan beri mavsumiy ishchilarga viza berish jarayoni to‘xtab qolganga o‘xshaydi, deydi BSF raisi Nik Marston. U "millatlar ligasi" yondashuvini olqishlaydi, lekin shunday uzoq joylardan ishchilar juda kech kelishidan xavotirda ekanini bildirgan.
"Bu fermerlarni juda asabiylashtiradi, - deydi u. - Menimcha, vaziyat hali buzilish nuqtasiga yetgani yo‘q, ammo shunday bo‘lishidan juda xavotirdaman."
Xorijda mavsumiy ishchilarni yollash litsenziyasiga ega to‘rtta firmadan biri - Fruitful Jobs direktori Jastin Emeri ishlash istagini bildirganlar ko‘pligini taʼkidlagan.
Fruitful Jobs Janubiy Afrikadan Kurdistongacha, Kanadadan Mongoliyagacha bo‘lgan 37 mamlakatda ishga yollash bilan shug‘ullanadi. Ammo ishga yollanganlar viza uchun £244 va qaytish uchun aviachipta topishlari kerak. Bu, shuningdek, byurokratiya va til to‘siqlari, yangi, uzoq joylardan ishga qabul qilish tezkor jarayon emasligini anglatadi. Meva yetishtiruvchi fermalar hududidagi vaqtinchalik uylarda turli millat vakillari birga yashab ishlashadi.
Angliyaning janubi-sharqidagi 24 ta fermer xo‘jaligi tarmog‘iga egalik qiluvchi Tim Chembers ishga yollash agentliklariga Indoneziya, Vyetnam yoki Filippin kabi davlatlardan ishchilar kelishini istamasligini maʼlum qilgan.
"Bu mening irq, din yoki teri rangi bilan bog‘liq muammolarim borligi uchun emas, - deydi u. - Agar siz to‘satdan fermangizga butunlay yangi mamlakat, madaniyat va turmush tarzini olib kirsangiz, bu jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
"Samaralilik nuqtai nazaridan, ishga qabul qilingan yangi odamning ish mahsuldorligi birinchi mavsumda 25% kamroq bo‘ladi", deydi u.
Janob Chambersning aytishicha, uning Markaziy va Sharqiy Yevropadan ko‘plab tajribali ishchilari bor, ular hali ham uning fermasida ishlash uchun qaytib kelishmoqda
Ammo ishchi kuchi uchun raqobat shunchalik “qizib” bormoqdaki, u o‘tgan yili sodir bo‘lgan voqealar takrorlanmasligini istasa, yangi manbalardan ishchi qabul qilishga majbur bo‘lishi mumkinligini tushunadi. O‘o‘shanda ishchi kuchi tanqisligi tufayli malinaning 12
foizi nobud bo‘lgandi.
Yana bir masala — viza bilan bog‘liq. Chembers hukumatni yetarlicha viza bermaganlikda ayblaydi. Bu yil 30 000 chegarasi belgilangan, agar kerak bo‘lsa, yana 10 000 ga ko‘paytirish imkoniyati mavjud. 2023 yildan boshlab vizalar soni kamayishni boshlaydi, bunda Britaniya ishchilariga eʼtibor kuchayadi.
"Ular bo‘yinlariga olgan masʼuliyatni va o‘z harakatlari sababli kelib chiqishi mumkin bo‘lgan talofatni tushunishmaydi", deydi u.
Kentdagi Langdon Manor Farm‘da yashovchi Alaster Bruksning aytishicha, yana bir muammo hukumat chet eldan kelgan mavsumiy ishchilarga soatiga 10,1 funt sterling maosh to‘lashni belgilab qo‘yganidir, bu esa eng kam ish haqidan (9,5) yuqori.
U mavjud ishchilarga yangi kelganlarga qaraganda kamroq ish haqi to‘lay olmaydi, shuning uchun hamma joyda ish haqi ko‘tarildi.
"Buning uchun ularga hasad qilmayman, ular juda qattiq mehnat qilishadi. Muammo shundaki, bizda mijozlarimiz bilan belgilangan qatʼiy narxlar bor", deydi u.
Ichki ishlar vazirligi hukumat britaniyalik fermerlar va ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga hamda "ularni kerakli yordam va ishchi kuchi bilan taʼminlashga" tayyor ekanini aytdi.
"Mavsumiy ishchilar sxemasi hozirda 2024 yil oxirigacha amal qilmoqda", deydi vakil va hukumat britaniyalik ishchilarni sektorga jalb qilish ustida ishlamoqda.
Jahongir Qo'ziyev


