Qarshi shahar hokimligi byudjetdan 1 mlrd 350 mln so‘m sarflamoqchi bo‘lgan bayroq ustuni o‘rniga musiqali favvora quradi. Bu haqda Qarshi shahar hokimligi maʼlum qildi.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yil aprel oyida Qashqadaryo viloyati markazida Mustaqillikning 30 yilligiga bag‘ishlab, balandligi 62,5 metr bo‘lgan bayroq ustuni qurilishi hamda uni qurish-montaj qilish uchun mahalliy byudjetdan 1 milliard 350 million so‘m mablag‘ sarflanishi rejalashtirilgan edi.
Ammo OAV va ijtimoiy tarmoqlardagi tanqidlardan so‘ng, o‘sha paytda Qashqadaryo viloyati hokimi bo‘lgan Zoyir Mirzayev ustun uchun sarflanayotgan 1,35 mlrd so‘m Qarshi shahridagi 136-sonli oilaviy yotoqxonani taʼmirlashga yo‘naltirilishini maʼlum qilgandi.
Oradan ikki yil o‘tib, Qarshi shahridagi Mustaqillik maydonidagi bayroq ustuni uchun quyilgan poydevor demontaj qilindi. Qarshi shahar hokimligi bu yerda chiroqli ustunlar va musiqali favvora qurilishi haqida xabar berdi.