Maxsus komissiya topshirig‘iga muvofiq, O‘zgidromet atmosfera havosining holati haqida operativ axborot taqdim etdi.
Qayd etilishicha, ayni damda poytaxtni va baʼzi viloyatlarni tuman qamrab olmoqda. Bu haqida prognozda maʼlumot berib o‘tilgan.
Tuman hodisasi sababli mayda dispers zarrachalar (PM2,5, PM10) ko‘rsatkichlari oshishi kuzatilishi mumkin.
“Tuman hodisasi paydo bo‘lishiga respublikaga kirib kelgan sovuq va nam havo massalari sabab bo‘lgan. O‘zgidromet 10 dekabrga kelib havo harorati pasayishi haqida xabar bergan edi”, deyiladi xabarda.
Taʼkidlanishicha, respublika hududidagi chang zarrachalarining taxminan 55–60 foizi tashqi hududlardan kirib keladi. Oxirgi kunlarda shamol tezligi past bo‘lgani, shuningdek inversiya jarayonlarining shakllangani hamda hozirda tuman hodisasi kuzatilayotgani tufayli ushbu chang zarrachalari havo qatlamlarida turib qolmoqda va tarqalib ketishi qiyinlashmoqda.


