ChatGPT’da yozilgan suhbatlar ayrim hollarda sud jarayonlarida dalil sifatida ishlatilishi mumkin. Bu haqda OpenAI bosh direktori Sem Altman Business Insider nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Altmanning aytishicha, ChatGPT bilan bo‘lib o‘tgan yozishmalar terapevt, shifokor yoki advokat bilan suhbatlar kabi qonuniy himoya ostida emas. “Agar siz eng shaxsiy masalalaringizni ChatGPT bilan muhokama qilsangiz va keyinchalik sud jarayoni bo‘lsa, bizdan bu ma’lumotlarni taqdim etish talab qilinishi mumkin. Bu noto‘g‘ri, deb hisoblayman”, — dedi u.
OpenAI rahbari shaxsiy ma’lumotlar daxlsizligini himoya qilish bo‘yicha aniq qonunlar zarurligini ta’kidladi. Hozircha bu borada qanday mexanizmlar joriy etilishi kerakligi ochiq qolmoqda.
Qayd etilishicha, WhatsApp yoki Signal kabi shifrlangan messenjerlardan farqli ravishda, OpenAI foydalanuvchi suhbatlarini ko‘rish imkoniyatiga ega. Bu sun’iy intellektni rivojlantirish hamda noto‘g‘ri foydalanishni aniqlash maqsadida amalga oshiriladi. Foydalanuvchi tomonidan o‘chirilgan suhbatlar esa 30 kun ichida tizimdan butunlay yo‘q qilinadi, biroq shu davr ichida ular qonuniy yoki xavfsizlik sababli saqlanishi mumkin.


