Bugun poytaxtimiz Toshkent shahrida 2019-yildan beri anʼanaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Navro‘z” IV xalqaro marafoni hamda ilk marotaba Shanxay Hamkorlik Tashkiloti yarim marafoni bo‘lib o‘tdi. Mazkur sport tadbiri O‘zbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi, Toshkent shahar hokimligi hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida tashkil etildi.
Marafon bahslarida turli yo‘nalishlarda qatnashish uchun jami 2 200 nafardan ziyod kishi ro‘yxatda o’tkazildi. Umumiy hisobda esa ushbu xalqaro marafonda 2 yarim ming nafardan ziyod insonlar qatnashdi.
Musobaqada 100 nafardan ziyod professional sportchilar ishtirok etgan bo’lishiga qaramay, havaskor va marofonga qiziquvchilar ham unda munosib qatnashdi. Shuningdek, marafonda bir qator xorijiy davlat diplomatlari, chet ellik mehmonlar, shuningdek Osiyo Olimpiya Kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov, Milliy Olimpiya qo’mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Ravshan Ermatov ham qo’mita bosh kotibi Oybek Qosimov, Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlari g‘oliblari Bahodir Jalolov, Ulug‘bek Rashitov, MMA yulduzi Mahmud Murodov va boshqalar marafonda jam bo’lishdi.
Musobaqa sportga qiziquvchi barcha insonlarni bir joyga yig’ishda asosiy vazifani bajarib berdi. Bahoriy kayfiyat hamda san’atkorlar tomonidan yangragan kuy-qo’shiqlar barchaga a’lo kayfiyat ulashdi. Taniqli sportchi hamda turli tashkilot rahbarlari ham marofonda bevosita ishtirok etdi. Bu esa musobaqaga qiziqishni yanada oshirdi.
Bahslar bir nechta masofalarda o’tkazildi. Ishtirokchilar klassik marafon (42 km 195 m.), yarim marafon (21 km 97,5 m), 10 km, ekiden (jamoaviy estafeta) hamda 3 km masofada o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazishdi.
Toshkent xalqaro marafoni oldidan o‘tkazilgan ochilish marosimida Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov so‘zga chiqib, barcha ishtirokchilarga omad tilaganidan so’ng marafonga start berildi.
Musoboqada ishtirok etgan Tokio-2020 Olimpiya o’yinlari chempionlari Bahodir Jalolov hamda Ulug’bek Rashitov quyidagi fikrlarni bildirib o’tdi:
“Aslida sport barchani birlashtiradi. Sog’lom turmushni targ’ib qiladi. Bugungi marafon ham qiziqarli bo’lyapti. Tadbir juda yaxshi tashkillashtirilgan. Barcha ishtirokchilar munosib tayyorgarlik ko’rishgan. Ular g’oliblik uchun kurash olib boryapti. Men ham birinchi o’rin uchun harakat qildim. Biroq hozirda mashg’ulot olib bormayotganim, sabab finishga keyinroq yetib keldim”, — dedi Bahodir Jalolov.
Taekvondo bo’yicha Olimpiya chempioni Ulug’bek Rashitov ham musobaqa ko’tarinki ruhda o’tkazilayotganini ta’kidladi.
“Mas’ullarning o’zi o’rnak bo’lib marafonda ishtirok etishi, qiziqishni yanada oshiradi, —dedi O’zbekiston Milliy Olimpiya qo’mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Ravshan Ermatov. Bunaqa ommaviy tadbirlar har kuni hayotimizdan o’rin olishi kerak. Bu inson salomatligiga ijobiy ta’sir o’tkazadi. Muntazam sport bilan shug’ullangan odamning immuniteti yuqori bo’ladi”.
Marafon tashkilotchilaridan O’zbekiston Milliy Olimpiya qo’mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov ham musobaqa hammaga o’zgacha bayram kayfiyatini taqdim etganini aytib o’tdi:
“Bugun ob-havo ham juda yaxshi bo’lyapti. Bu ishtirokchilarning kayfiyatiga ijobiy ta’sir o’tkazmoqda. Biz ham hamkasblarimiz bilan ushbu marafonda ishtirok etyapmiz. Sport vazirligi hamda Olimpiya qo’mitasi rahbarlari turnirda qatnashib, barchaga shaxsiy namuna bo’lishdi. Hammaga sport bilan shug’ullanishni tavsiya etib qolaman”.
Musobaqa doirasida tashkil etilgan musiqiy chiqishlar tadbirga o’zgacha ruh bag’ishladi. Bahor fasliga monand bezatilgan sahna tomoshabinlarni yana navro’z sayliga chorladi. Bahoriy havo ko’ngillarga ko’klam nafasini ulashdi.
Marafonda Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston, Meksika, Pokiston ham Hindiston singari mamlakatlardan kelgan sportchilar ham munosib ishtirok etdi.
Turnir qatnashchisi hindistonlik Dahir Munda marafon haqida quyidagi firklarni bildirib o’tdi: “O’zbekistonga birinchi kelishim. Muhit juda ham ajoyib. Bayramona tarzda o’tkazilayotgan marafondan taassurotlarim juda yaxshi. Garchi g’alabani qo’lga kiritolmagan bo’lsamda, musobaqada ishtirok etganimdan xursandman”.
Shuningdek, Meksika vakili Dorai Lopenrero musobaqa unga yoqqanini ochiqladi: "Salom, biz Mexikodan keldik. Marafonda ikkinchi o’ntalikka kirdim. Bugungi kunimiz juda mazmunli o’tdi. Bu marafondan rohatlandik. Bunday musobaqalar yana ham ko’p o’tkazilishi istaymiz. Rahmat, O’zbekiston”.
10 km masofaga yugurish bo’yicha birinchi o’rinni qo’lga kiritgan surxondaryolik Bekzod Boymatov marafon juda qiziq va mazmunli o’tganini aytdi: “Musobaqaga ancha tayyorgarlik ko’rgandim. Shunga yarasha bugun ajoyib natijani qo’lga kiritdim. Bunaqa musobaqalar ko’proq va davomli bo’lishini istab qolardik. Bayramona va ko’tarinki ruh bizga yana ham kuch berdi. Raqiblarimiz ham kuchli edi. Biroq mana mehnatimga yarasha g’alabaga erishdim. Mehnat qilinglar va chempion bo’linglar”.
Eslatib o‘tamiz, marafon bahslarida erkaklar va ayollar o‘rtasida 1-5-o‘rinlarni egallagan ishtirokchilar pul mukofotiga sazovor bo‘lishdi. Jumladan, 1-o‘rin sohibi 30 million so‘m miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlandi.
10 km masofaga o‘tkazilgan poygada erkaklar va ayollar o‘rtasida 1-3 o‘rinlarni egallaganlar esa mos ravishda 3 million (1-o‘rin), 2 million (2-o‘rin) hamda 1 million (3-o‘rin) so‘m miqdoridagi pul mukofotini qo‘lga kiritishdi. Shuningdek, marafon masofasini belgilangan vaqt ichida bosib o‘tgan ishtirokchilar marra medaliga sazovor bo‘lishdi.
Muallif: Jamshidbek AMIROV


