Prezident Shavkat Mirziyoyev narkojinoyatchilik va uyushgan jinoiy guruhlarga qarshi kurashishda narkokanallarning oxirgi manbalari hamda ularni moliyalashtirayotgan shaxslargacha yetib borish borasida mas’ul idoralarda qat’iyat yetishmayotganini keskin tanqid qildi.
Ta’kidlanishicha, poytaxtda narkojinoyatlar soni 4 mingdan oshgan. Fosh etilgan 112 ta uyushgan jinoiy guruh tomonidan jami 1 ming 300 dan ortiq jinoyat sodir etilgan.
Shu bilan birga, mazkur jinoyatlar uchun aybdor deb topilgan shaxslar jazoni to‘liq o‘tamasdan, hatto yarmini ham o‘tmay ozodlikka chiqayotgani qayd etildi. Natijada, narkojinoyatlarni takror sodir etganlar soni so‘nggi uch yil ichida 125 foizga oshgan.
Prezident Administratsiyasi mazkur masalaga bevosita shug‘ullana boshlagach, ijobiy o‘zgarishlar kuzatilgani bildirildi. Xususan, so‘nggi uch oy davomida respublika bo‘yicha qariyb 50 ta yirik narkoguruh fosh etilib, yarim tonnaga yaqin giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasiga chek qo‘yildi.
Davlat rahbari, shuningdek, chet davlatlarda ham ayrim fuqarolarimiz uyushgan jinoiy guruhlar tuzib, vatandoshlariga nisbatan tovlamachilik, zo‘ravonlik va noqonuniy bosimlar o‘tkazayotgani, bu holatlar mamlakatimiz obro‘siga putur yetkazayotganini ta’kidladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yil davomida chet elda og‘ir ahvolga tushib qolgan 3 ming 700 nafar O‘zbekiston fuqarosi yurtimizga qaytarilgan. Shuningdek, 192 nafar fuqaro odam savdosi qurboni bo‘lgan.


