
“Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksining Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi tezkor vakillari tomonidan (avvaldan olingan maʼlumotlarga asosan) “Istambul-Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha uchib kelib, “yashil” yo‘lak orqali harakatlangan fuqaro K.S.ning yuklari bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi. Oqibatda, uning yuklari ichida umumiy qiymati taxminan 78 650 000 so‘mga teng 513 dona turli xil dori vositalari borligi aniqlandi.
Shuningdek, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi boshchiligida Toshkent viloyati Ohangaron tumani hududida olib borilgan tezkor tadbirda ham noqonuniy dori vositalari “manzili”ga yetib bormadi.
Fuqaro Yu.Sh. boshqaruvidagi “Damas” rusumli avtoulovda olib kelingan, O‘zbekiston fuqarosi S.I.ga tegishli bo‘lgan umumiy qiymati 180 000 000 so‘mlik, 6 000 quti “Cefoperazone” nomli dori vositalarini “shartli xaridor”ga sotilayotgan vaqtida xodimlar tomonidan to‘xtatib qolindi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ohangaron tumanida joylashgan “Chinor” muntazam yo‘l patrul xizmati maskanida noqonuniy dori vositalarining oldi olingani hamda Zangiotalik fuqaro 91,5 million so‘mlik “Remdesivir” dori vositasini 12 ming dollarga sotishga uringani haqida xabar berilgandi.
Bahriniso Madumarova tayyorladi.


