Toshkent shahri va Toshkent viloyatida atmosfera havosini muhofaza qilish, zararli moddalar chiqarilishining oldini olish va aholi salomatligini himoya qilish maqsadida muntazam reydlar o‘tkazilmoqda. Ekologiya, prokuratura va ichki ishlar organlari o‘zaro hamkorlikda kechki va tungi nazorat tadbirlarini yo‘lga qo‘ygan.
Navbatdagi reyd davomida Toshkent viloyatining Niyozboshi qishlog‘ida joylashgan ayrim xususiy korxonalarda qurilish materiallari ishlab chiqarish jarayonida chiqindilar, xususan polietilen moddalar yoqilgani aniqlandi. Bunday holat atrof-muhitga zararli moddalar tarqalishi va mahalliy aholi salomatligiga xavf tug‘dirgani qayd etildi.
Ishchi guruh tomonidan aniqlangan korxonalar faoliyati darhol to‘xtatildi. Hozirda tabiatga yetkazilgan zarar miqdori hisoblanmoqda, tekshiruv yakunlariga ko‘ra qonunchilikka muvofiq choralar ko‘rilishi belgilangan.
Mas’ul idoralar nazorat tadbirlari izchil davom ettirilishini ma’lum qildi. Shuningdek, atmosfera havosining tozaligini ta’minlashda faollik ko‘rsatgan fuqarolarga minnatdorchilik bildirilib, jamoatchilik nazoratida faol ishtirok etishga chaqirildi.


