Majburiy ijro byurosining Chirchiq shahar bo‘limi ish yurituviga fuqarolik ishlari bo‘yicha Chirchiq shahar tumanlararo sudining ijro varaqasiga asosan, qarzdor K.F. dan undiruvchi R.M.ning foydasiga 1/4 qism miqdorida aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati mavjud edi.
Qarzdor fuqaro 2023 yilning noyabr oyiga qadar bir nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy taʼminoti uchun aliment pullarini o‘z vaqtida to‘lab kelgan. Biroq, 2023 yilning dekabr oyidan 2025 yilning oktyabr oyiga qadar aliment pullarini to‘lamagani oqibatida katta miqdordagi qarzdorlik vujudga kelgan.
Shundan so‘ng, Byuroning Chirchiq shahar bo‘limi davlat ijrochisi O.Nurmetov tomonidan 16.11.2025 yilda qarzdorga tegishli bo‘lgan mol-mulklarni aniqlash maqsadida, “MIB Portal” elektron dasturi orqali tegishli tashkilotlarga so‘rovnomalar yuborilib, qarzdorga tegishli bo‘lgan 2 ta mulklar aniqlangan va tegishli tartibda band solingan.
Bundan tashqari, qarzdor otaga nisbatan 17.11.2025 yilda “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunning 42-1-moddasi bilan O‘zbekiston Respublikasi hududidan chiqishini vaqtincha cheklash to‘g‘risida qaror qabul qilinib, taqiq qo‘yilgan.
Davlat ijrochilari tomonidan olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida, qarzdor ota K.F. bir nafar voyaga yetmagan farzandi uchun 2036 yilgacha bo‘lgan miqdor evaziga 3 xonali xonadonni hadya qildi.


