Bugun, 10 may kuni Toshkent mezbonlik qilayotgan boks bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi jahon chempionatining chorak final janglari o‘tkazildi. Zamon.uz musobaqaning qaynoq nuqtalaridan fotosuratlarni eʼtiboringizga havola etadi.
Musobaqada Hasanboy Do‘smatov -51 kg vazn toifasining amaldagi chempioni yaponiyalik Tomoya Suboini mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.

Buxorolik bokschi Abdumalik Xalokov ham ajoyib g‘alabasi bilan yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Ruslan Abdullayev -63.5 kg vazn toifasida yarim final yo‘llanmasiga sazovor bo‘ldi. Jahon chempionati debyutanti chorak finalda fransiyalik Lounes Xamrouidan ustun keldi.

Og‘ir vazn toifasidagi bokschi Lazizbek Mullojonov (-92 kg) musobaqadagi sensatsiyalardan biriga mualliflik qildi. U ikki karra Olimpiada chempioni, 5 karra jahon chempioni kubalik Xulio La Krusni ushbu musobaqada medalsiz qoldirdi.

54 kg vazn toifasida jang qilayotgan Oybek Jo‘rayev ham yarim finalchilar qatoriga qo‘shildi. Sakkizinchi kundan bahslarga kirishgan bokschi ketma-ket uchinchi kun o‘z jangini muvaffaqiyatli yakunladi.

Eng yosh bokschi Aʼloxon Abdullayev ham mag‘lubiyatsiz odimlamoqda. -75 kg vazn toifasida jang qilayotgan Abdullayev bu gal vengriyalik Filip Akilov ustidan g‘alaba qozonib, jahon chempionati qahramonlaridan biriga aylanmoqda.



