Samarqandda Rossiya armiyasiga yollangan yigit jinoiy jazoga tortildi. Zamon.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Sud hukmida keltirilishicha, Payariq tumanida yashovchi, 2000 yilda tug‘ilgan A.A. 2019 yil noyabr oyida Moskva shahriga kelgan. U 2021 yilgacha amakisi bilan birga vanna ishlab chiqaruvchi zavodda ishlagan. Shu orada ular o‘rtasida nizo chiqqan va yigit Sochi shahriga ketgan. U yerdan ish topolmagach, Moskvaga qaytgan hamda yoshi 40 yoshlar atrofida bo‘lgan ayol bilan tanishgan.
“Andijonlik ‘Masha‘ ismli yengiltabiyat ayol bilan tanishib qoldim. U menga choy tarqatish kerakligini, buning evaziga 30–40 ming rubl miqdorida pul berilishini, ish esa xavfsiz ekanini aytdi. Shundan so‘ng rozi bo‘ldim. U meni Kolomna shahriga jo‘natdi. U yerda meni 30 yoshlar atrofidagi andijonlik Husniddin ismli shaxs kutib oldi. U menga paket berib, boshqa shaharga olib borishim kerakligini aytdi va o‘zi taksi chaqirib berdi. Mashinaga o‘tirdim. U taksi turgan joyni rasmga oldi. Shundan so‘ng men mashina oynalarini sindirib tushib ketdim. Yo‘lda meni uch kishi ushlab oldi. Nima bo‘layotganini tushunmadim. Ular meni politsiyaga olib borib, paketni tekshirishdi. Ichidan sariq rangli moddani chiqarib, meni vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirishdi”, — deydi yigit suddagi ko‘rsatmasida.
2022 yil yanvar oyida A.A.ga Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 228-moddasi 4-qismi (giyohvandlik vositalarining noqonuniy savdosi) bilan 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Shundan so‘ng u Sverdlovsk viloyati, Nijniy Tagil shahridagi 5-sonli jazoni ijro etish muassasasiga joylashtirilgan.
“U yerda o‘zbekistonliklar ko‘p edi. Men Samarqand shahrining ‘Kaftarxona‘ mahallasida yashovchi O‘lmas ismli shaxs bilan tanishdim. Qamoqxonadagi mebel ishlab chiqarish sexida u bilan birga ishladim. Tartib-qoidalarni buzganim uchun bir necha marotaba izolyatorga joylashtirishdi. Haftada bir marta oila aʼzolarim bilan gaplashib turardim. U yerda 10 pachka sigareta evaziga bo‘yin va qo‘llarimga tatuirovka chizdirdim. Jazo o‘tash davomida JIYEM tezkor bo‘limi boshlig‘i Aleksey men bilan bir necha marta uchrashib, harbiy xizmatga bir yillik shartnoma tuzishni taklif qildi. Har safar rad javobini berdim”, — deydi u.
A.A. shartnoma muddati tugagandan keyin ham harbiy xizmatdan chiqishga ruxsat berilmasligini eshitib, takliflarga rozi bo‘lmagan. Shuningdek, Aleksey shartnomaga imzo qo‘ymasa, yana 10 yilga qamalishini va izolyatorda saqlanishini aytgan. 2025 yil 26 sentyabr kuni xodimlar A.A. saqlanayotgan izolyatorga kelib, uni urushga yuborilishini maʼlum qilishgan.
“Menga bildirmasdan, izolyatorda bo‘lganim haqidagi hujjatlar orasida harbiy xizmat o‘tash bo‘yicha shartnomaga imzo qo‘ydirib olishgan, deb o‘ylayman. Shu kuni meni va yana 57 nafar shaxsni samolyotda Donesk shahriga jo‘natishdi. U yerda 57-sonli harbiy qismga joylashtirishdi, keyin guruhlarga ajratishdi. Bizning guruhga ‘Chujoy‘ laqabli, millati tatar bo‘lgan shaxs rahbarlik qildi. Menga ‘Samuray‘ pozivnoyi berildi va AK-74 avtomati biriktirildi”, — deydi yigit.
Dastlab A.A. nomiga rasmiylashtirilgan plastik kartaga 2 million rubl (319 million so‘m) pul o‘tkazilgan. Guruh aʼzolari mototsikl, dron va kiyim-kechak bilan taʼminlangan. Payariqlik yigit asosan mototsiklda front yaqiniga suv va oziq-ovqat tashish bilan shug‘ullangan.
“Oziq-ovqatni harbiy qismdan olib, front chizig‘idan 5–6 kilometr uzoqlikka yetkazib qo‘yar edim. Bir kuni frontdan qaytishimda yo‘lni bilmay adashib qoldim. Ratsiya orqali xabar berdim, xizmatchi yuborishdi va qismga qaytdik. O‘z xohishim bilan qaytganim uchun komandirlar ishonch bildirishdi. Keyin Donesk shahridagi harbiy bazadan suv va oziq-ovqat olib kelish vazifasini yuklashdi. 2025 yil 24 oktyabr kuni tojikistonlik Ramazon bilan ‘garaj‘ tomon yo‘l oldik. Yomg‘ir yog‘ayotgani sabab harakat qiyin bo‘ldi. Yo‘lda mototsiklim minaga urilib portladi. Oyog‘imga temir parchasi kirdi, ammo boshqa jarohat olmadim. Keyin pichoq bilan mina parchasini chiqarib tashladim”, — deydi u.
Shundan so‘ng A.A. sherigining mototsikliga minib, “garaj”ga kirmasdan Donesk shahri tomon yo‘l olgan. Transport vositasini shaharga yetmasdan ustaxonada qoldirishgan. Ular Doneskda kvartiraga joylashib, Moskvaga olib boradigan odam qidirishgan. Ikkalasi ushbu shaharda yashovchi, millati ukrain bo‘lgan erkak bilan 3 million 400 ming rubl (544 million so‘m) evaziga kelishib, Rossiya poytaxtiga yetib olishgan. Shundan keyin A.A. O‘zbekiston konsulligiga murojaat qilib, bo‘lgan voqealarni bayon etgan va yordam so‘ragan. Natijada u 2025 yil 9 noyabr kuni Vatanga qaytgan.
JIB Payariq tuman sudining 2026 yil 19 yanvar kuni chiqargan hukmi bilan A.A.ga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Uning ish joyiga borishi va uyiga qaytishi uchun zarur vaqtdan tashqari hollarda yashash joyidan chiqishi taqiqlandi.
Eslatib o‘tamiz, yaqinda urushga yollangan namanganlik yigit haqida ham xabar bergan edik.


