P.S.: Eʼtiboringizga havola etilayotgan turkum maqolalar o‘z jonini xatarga qo‘yib, elu-yurt tinchligi yo‘lida jon tikib, xizmat qilayotgan, Shuningdek, “Mehr” insonparvarlik operatsiyasi doirasida jonbozlik ko‘rsatgan tinchlik posbonlariga bag‘ishlanadi. Zamon.uz sayti Sizlarni 14 yanvar — Vatan himoyachilari kuni bilan chin dildan tabriklaydi!
Ortga qaytarib bo‘lmas kunlar alami juda achchiq bo‘ladi. Qani endi ko‘z yoshlar ortga qaytara olsayu, koshki Amina urush ko‘rmay ulg‘aysa. Uning bolalik xotiralarida qurol, harbiy texnika, portlashlar, urushning qora rangli tasviri muhrlanib qolgan.
Amina Madrahimova 2005 yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan. 9 yil Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar hududida yashagan. Qizaloqning beg‘ubor bolaligi boy berildi.
Bir kunda jigarbandini bedarak yo‘qotgan ona qismati
— Aminaning dadasiga 2004 yilda turmushga chiqqanman. 2005 yil yanvar oyida qizli bo‘lganmiz. Turmushimiz uzoqqa bormay, uch yilda ajrashib ketganmiz. Meni qattiq urgani uchun, yarashmaganman. Amina 5 yosh edi. Bir kuni bog‘chada yo‘qolib qoldi. Bog‘cha opasi dadasiga berib yuborgan ekan. Avvaliga Andijondan, so‘ng Toshkentdan izladim... Oradan besh yil o‘tib, qizimni Turkiyadaligini bildim. Amina telefon qilib: “oyi, keling, biz Turkiyadamiz”, dedi. Qarz-havola qilib, bolamni sog‘inganimdan, topilganidan quvonib, Istanbulga bordim. U yerda meni boshqa odamlar kutib oldi. Amina yo‘q edi.
Umid uchqunlari so‘ngandan keyin xalqaro qidiruvga berilgan Amina Xalqaro terroristik tashkilotlarga aʼzo bo‘lgan otasining qo‘lidan tutib, Turkiyadan Suriya chegarasiga o‘tib bo‘lgandi.
— Meni kutib olganlardan bolamni so‘rasam, Suriyaga ketganini aytishdi. Bir oy noiloj o‘sha uyda turdim. Umid bilan bolamni kutdim... Ular meni ham Suriyaga olib ketishmoqchi bo‘ldi. Ammo men istamadim.
...10 yil yuragimni yemirib kelgan armonlar bir kun nihoyasiga yetishini bilardim. Bir kuni uyimizda bir odam kelib, Amina haqida so‘roq qildi. Uni 2015 yilgacha Turkiyada, keyin esa Suriyada urush ichida yashayotgani, uni olib kelishayotganini aytishdi. Rosa yig‘ladim.
Aminaning Qochqinlar lageridagi ayanchli qismatiga “Mehr” operatsiyasi yakun yasadi. Uni yovuzlik changalidan olib keldi.
Bolaligim barbod bo‘ldi...
— Dadamga juda ko‘p aytardim: bundan ko‘ra Mehribonlik uyida o‘sganim yaxshi edi, deb. Chunki dadam yosh go‘dak (men)ni onasidan ayirgan.
Hayotimning hamma kuni og‘ir o‘tgan. Bolaligimni eslasam, esda qolarli yaxshi kunim bo‘lmagan. Turkiyada ham yashadik. U yerda biror marta ham ro‘mol o‘ramaganman. Dadamni tanishlari: qizing bunday yurmasin, boshiga ro‘mol o‘rat. U yoqda bunday yurolmaydi, deb aytishgan. Shunda dadam: u yoqqa borsa, o‘rayveradi, deb aytgandi. Keyin ro‘mol o‘rab ketdim. Turkiyada madrasada o‘qidim.
O‘shanda ota mehriga tashna qizaloq otasi o‘z qo‘li bilan urushga yetaklashini qayerdan bilsin?
— Dadam bu bog‘cha yoshidagi qiz, onasini unutadi, deb o‘ylagan, shekilli. Ammo men onamni unutmadim. Yuragimda yashadilar.
Men dadamga “sizni kechirmayman, siz meni onamdan ayirdingiz, o‘z qizizga shunday kunlarni ravo ko‘rdingiz”, desam mendan kechirim so‘rab, yig‘lagan. Negadir, dadamni sog‘inmayman, ko‘p eslamayman ham.
Bolaligim barbod bo‘ldi...
Xavf ostida o‘tgan hayot jarohatsiz bo‘lmaydi. Jang maydonlaridagi minalar Aminaning yuzida ham chandiq qoldirgan.
— Minani bosib olganman. Bu yerimdan kirib, bu yerimda tiqilib qolgan (qizaloq iyagining o‘ng tomoni va chang qoshiga ishora qildi). Bir qulog‘im miyaga ulab ichidan tikilgan...
Otasi qamoqqa olingan qizaloqni urush dahshatlari ulg‘aytirib qo‘ydi
— Avval qamashdi, deb aytishdi. Keyin o‘ldirib yuborishganini eshitdim, dadamni.
10 yil ona mehrini his etmaganim uchun onam kelib quchoqlagandilar, g‘alati bo‘lib ketdim. Ona mehrini tushunmaganim uchun, to‘g‘ri, boshida qiyin bo‘ldi. Ammo hozir ularni yo‘qotib qo‘yishdan juda qo‘rqaman.
Uning o‘gay onalaridan biri chaqalog‘ini dunyoga keltiriboq, vafot etganini eshitganlar go‘dakni 10 yoshli Aminaning qo‘liga tutqazdi. Bola bo‘lib bola boqishga majbur bo‘ldi.
Oddiy ovqat, non, suv va dori-darmonga zor bo‘lib yashash. Amina Suriyada ochlik balosi bilan birga o‘sha go‘dakning qornini to‘ydirish, ikkisiga boshpana topish kabi mashaqqatlar bilan yolg‘iz kurashdi.
Bola bo‘lib bola boqqan qizaloq
— Zahro! Ismini eshitsam yig‘layman. Zahroning oyisi dadamning xotini edi. U bolasini ko‘rmay, vafot etgan. Keyin bola “dom”larni tagida qolib ketgan. Avval uni hech kim bilmagan. 15 kunlardan keyin bola, sizlarniki, deyishib odamlar olib kelib berishgan. O‘zim “kasha” berib boqqanman. U kasal edi. Onasidan 7 oylik, chala tug‘ilgan. Shifoxonalarda o‘zim olib yotganman. 5 yoshimdan mustaqil — o‘zim ovqat qilib, kirlarimni yurib, o‘zimga qarab yurardim.
Zahroga kuchli bo‘lishini tilardim. Nima bo‘lganda ham boshqa odamga esa, o‘zga ishonishini, suyanishini istardim. Oyoqqa turib, o‘zini eplab ketsin.
Ich-ichimdan u katta bo‘lsa, meni izlab kelishini bilaman. Chunki biz bir-birimizni yaxshi ko‘ramiz.
Onamdan yiroqda otam bilan yashadim. Ammo ota-ona mehrini ko‘rmay, his etmay ulg‘aydim. 9 tacha o‘gay onam bo‘lgan. Biroq ular bilan chiqisholmaganman.
Baribir O‘zbekiston yaxshi. Tinch. Osuda. Farovon.
Suriyadagi nizolari hozirgi zamon tarixida eng yomon fojiani vujudga keltirdi. Bolalar harf tanimaydi. Amina ham ana shu minglab savodsiz qolgan urush bolalari orasida bilimsiz qolgandi. U hozir maktabga qabul qilingan. Tengdoshlari bilan o‘qimoqda. U kelajakda inson huquqlarini himoya qiladigani advokat bo‘lmoqchi.
DXX va “Sevimli” telekanali hamkorligida tayyorlangan "Bir kaft tuproq" loyihasidan yozib olindi.


