1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jahon

Daniyada Trampning Grenlandiya bo‘yicha bayonotlariga qarshi yirik namoyish o‘tkazildi

20 mingdan ortiq namoyishchilar orol suvereniteti va xalqining huquqlarini hurmat qilishga chaqirishgan.

Daniyada Trampning Grenlandiya bo‘yicha bayonotlariga qarshi yirik namoyish o‘tkazildi

 

 

Daniya poytaxti Kopengagen hamda Grenlandiyaning Nuuk shahrida AQSH prezidenti Donald Trampning Grenlandiyani AQSHga qo‘shib olish haqidagi bayonotlariga qarshi ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Namoyishchilar orol suvereniteti va xalqaro huquq tamoyillarini hurmat qilishga chaqirdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

 

Kopengagenda namoyishchilar “Grenlandiya sotilmaydi”, “Yo‘q — demak yo‘q” va “Grenlandiyadan qo‘lni tort” kabi shiorlar bilan AQSH elchixonasi tomon yurish qildi. Ayrim qatnashchilar Donald Tramp tarafdorlariga xos qizil beysbolkalarni esga soluvchi, ammo “Make America Go Away” (“Amerikani chetga chiqar”) degan yozuv tushirilgan bosh kiyimlarda namoyon bo‘ldi.

 

Grenlandiya poytaxti Nuuk shahrida esa minglab odamlar bosh vazir Yens-Frederik Nilsen boshchiligida AQSH konsulligi tomon yurish qildi. Ular Grenlandiyaning mahalliy nomi — “Kalaallit Nunaat” deb qichqirib, bayroq va bannerlarni ko‘tarib chiqishdi.

 

«Bugun bu yerga kelishimdan maqsad — Grenlandiya sotilmasligini ochiq ko‘rsatish. Bu o‘yinchoq emas, bu — bizning uyimiz», — dedi namoyishchilardan biri, davlat xizmatchisi Naya Xolm.

 

Tashkilotchilarning baholashicha, Kopengagendagi aksiyada 20 mingdan ortiq odam ishtirok etgan. Bu deyarli Nuuk shahri aholisi soniga teng. Daniya politsiyasi rasmiy raqamlarni eʼlon qilmagan. Shuningdek, mamlakatning boshqa shaharlarida ham shunga o‘xshash norozilik aksiyalari o‘tkazilgan.

 

Trampning Grenlandiya haqidagi bir necha marotaba takrorlangan bayonotlari AQSH va Daniya o‘rtasida diplomatik keskinlikka sabab bo‘ldi. U orolni AQSH xavfsizligi uchun strategik ahamiyatga ega, deb hisoblab, uni qo‘lga kiritish uchun kuch ishlatish ehtimolini ham istisno etmagan. Bu bayonotlar Yevropa davlatlari tomonidan keskin tanqid qilinmoqda.

 

57 ming aholiga ega Grenlandiya 1979 yildan beri keng avtonomiyaga ega bo‘lsa-da, hali ham Daniya tarkibida qolmoqda. Orol parlamentidagi barcha siyosiy kuchlar kelajakda mustaqillikni qo‘llab-quvvatlaydi, ammo muddat borasida yakdil emas. Yaqinda esa ular AQSH tarkibiga kirishdan ko‘ra, Daniya bilan qolishni maʼqul ko‘rishlarini bildirgan.

 

Reuters so‘roviga ko‘ra, amerikaliklarning atigi 17 foizi Trampning Grenlandiyani qo‘shib olish tashabbusini qo‘llab-quvvatlaydi. AQSH prezidenti esa bu so‘rov natijalarini “soxta” deb atagan.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика