Ayni damda Senatda konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha referendum o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
«Yangilanayotgan konstitutsiyaning katta xalqaro ahamiyati dunyoda tobora ortib borayotgan beqarorlik, yirik davlatlar o‘rtasidagi keskin qarama-qarshilik, kuchayib borayotgan ziddiyat va raqobat bilan ham belgilanadi.
Tashqi siyosatimiz oldida yangi, ilgari unchalik muhim, dolzarb emasdek tuyilgan vazifalar gavdalanmoqda. Hozirgi tahlikali davrda, yangilanayotgan konstitutsiyamizning 17-moddasida O‘zbekistonning tashqi siyosati davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik kabi prinsiplar bilan bir qatorda, xalqaro huquqning asosiy prinsiplaridan biri bo‘lmish davlatlarning hududiy yaxlitligi tamoyiliga ham asoslanishi belgilab qo‘yilishi o‘ta o‘rinlidir.
Taʼkidlash joizki, davlat hududiy yaxlitligi prinsipi konstitutsiyamizda ilk bor keltirilmoqda», — Sodiq Safoyev.


