Prezident Shavkat Mirziyoyevga korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens nazoratini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdimoti o‘tkazildi. Davlat organlarida o‘tkazilgan 11 mingdan ortiq o‘rganishlar natijasida 793 mlrd so‘mlik mablag‘larning maqsadsiz sarflanishi oldi olingani, qariyb 2 trln so‘mlik xato va kamchiliklar aniqlangani ma’lum qilindi. Shuningdek, 478 mlrd so‘mlik zarar undirildi.
Taqdimotda komplayens bo‘linmalarining samaradorligini oshirish, ularni to‘liq raqamlashtirish va sun’iy intellekt asosida xavf-tahlil tizimini yaratish masalalari muhokama qilindi. Davlat xaridlaridagi xavfli holatlarni avtomatik aniqlash, “E-qaror” tizimida hujjatlarning ochiqligini kuchaytirish hamda jamoatchilik nazoratini kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashishda keng jamoatchilik ishtirokini ta’minlash, xabar beruvchilarni himoya qilish va rag‘batlantirish mexanizmlarini joriy etish muhimligi qayd etildi. Shu munosabat bilan “Korrupsiyaga qarshi kurashishga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishonini ta’sis etish taklifi bildirilgan. Mutasaddilarga jinoyat oqibatini emas, uning ildizini bartaraf etishga qaratilgan profilaktik choralarni kuchaytirish vazifasi yuklatildi.


