O‘zbekistonda davlat xaridlari tizimini yanada ochiq va raqobatbardosh qilish bo‘yicha prezident farmoni imzolandi. Hujjatga muvofiq, davlat xaridlarining zamonaviy va servisga yo‘naltirilgan ekotizimini shakllantirish hamda ushbu sohada sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish Iqtisodiyot va moliya vazirligining ustuvor vazifalaridan biri etib belgilandi.
Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-martdan davlat xaridlari bo‘yicha maxsus axborot portalida xarid qilinayotgan mahsulot, ish yoki xizmatning o‘rtacha bozor narxini sun’iy intellekt asosida hisoblab beruvchi elektron modul ishga tushiriladi. Shuningdek, 2026-yil 1-yanvardan ayrim tovarlar va xizmatlarni xarid qilishda “taklif so‘rovi” nomli yangi raqobatli tartib joriy etiladi, to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar ro‘yxati esa bekor qilinadi.
Bundan tashqari, davlat xaridlarida nazoratni kuchaytirish maqsadida maxsus “Davlat xaridlarida nazorat” sahifasi ishga tushiriladi. Unda xavf-xatarlarni aniqlash, huquqbuzarliklarni avtomatik tahlil qilish va buyurtmachilar faoliyatini baholovchi “Xaridlarda KPI” raqamli reytingi joriy etiladi. Vazirlar Mahkamasi esa 2026-yildan boshlab yirik davlat korxonalari va byudjet buyurtmachilarining xaridlari bo‘yicha hisobotlarni har chorakda tanqidiy muhokama qilib boradi.


