
Jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Samarqand viloyatida byudjet buyurtmachilari tomonidan “dxarid.uz” va “tender.mc.uz” maxsus axborot portalida joylashtirilgan eʼlonlar joyiga chiqib o‘rganildi.

Agentlik axborot xizmati xabariga ko‘ra, o‘rganish natijalari shuni ko‘rsatdiki, buyurtmachilar tomonidan davlat xaridlarini amalga oshirishda 18 ta holatda jami qiymati 50 mlrd. so‘mlik qonunbuzilishlar aniqlandi.
Shundan, Samarqand viloyat hokimligi Injiniring kompaniyasi buyurtmachiligida Xalq taʼlimi vazirligi va Soliq qo‘mitasining quyi tizimlariga qarashli obyektlarda qurilish va taʼmirlash ishlarini amalga oshirish bo‘yicha “tender.mc.uz” maxsus axborot portalida umumiy qiymati 42 mlrd. so‘mlik jami 9 ta tender eʼlonlari joyiga chiqib ko‘zdan kechirilganda, tender g‘oliblari belgilanmasdan turib, qurilish ishlari boshlab yuborilganligi maʼlum bo‘ldi.

Xususan, Samarqand viloyati hokimligi injiniring kompaniyasi tomonidan 2021 yil 3 avgust kuni Kattaqo‘rg‘on shahar Davlat soliq inspeksiyasi binosi qurilishi bo‘yicha qiymati 5,5 mlrd. so‘mlik eʼlon berilgan. Biroq, qurilish ishlari eʼlonda ko‘rsatilgan muddatdan 3 oy oldin, yaʼni may oyida boshlangan.
Shu bilan birga, Samarqand viloyat hokimligi Injiniring kompaniyasi tomonidan umumiy qiymati 37 mlrd. so‘mlik Urgut tumanidagi 22, 57, 61, 93-sonli, Ishtixon tumanidagi 8, 41-sonli, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 54-sonli, Samarqand shahardagi 43-sonli maktab binolarini qurish va taʼmirlash ishlari bo‘yicha berilgan eʼlonlar tender g‘oliblari belgilanmasdan turib, obyektlarda qurilish va taʼmirlash ishlari boshlab yuborilgan.

Yuqoridagi noqonuniy holatlar oqibatida mazkur obyektlardan chiqqan qurilish mollari tuman xalq taʼlimi bo‘limiga kirim qilinmasdan, qurilish tashkiloti tomonidan ishlatilgan hamda mahalliy aholiga tarqatib yuborilgan, deyiladi xabarda.
Avvalroq, Toshkent shahar Sergeli tumanida 430 million so‘mdan ziyod pulni talon-taroj qilgan xususiy uy-joy mulkdorlari uyushmasi rahbari hibsga olingani haqida xabar bergandik.


