
Avvalgi maqolamizda xususiy bog‘cha ochishni niyat qilgan tadbirkorlar uchun qayerga murojaat qilish va qanday hujjatlar kerakligi haqida batafsil maʼlumot bergan edik. Bugun davlat-xususiy sheriklik asosidagi bog‘chalar haqida so‘z yuritamiz. Bu borada Maktabgacha taʼlim vazirligi davlat-xususiy sheriklik asosidagi maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatini tashkil etish boshqarmasi o‘rinbosari Abdurahmon Abdusalomov quyidagilarni maʼlum qildi.
— Davlat-xususiy sheriklik asosidagi oilaviy bog‘chalar ochish uchun Maktabgacha taʼlim vazirligiga murojaat qilinadi. Bunda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 iyulda qabul qilingan 595- qaroriga muvofiq bitim tuziladi. Unda tadbirkorlik to‘g‘risida guvohnoma, oilaviy bog‘cha ochish uchun ariza, ochilajak bog‘chaning (ichi, tashqarisi, jihozlari, sharoiti tasvirlangan) suratlari hamda yong‘in va sanitariya-epidemiologiya nazorati organlarining mavjud bino va xonalarning yong‘in xavfsizligi talablari, sanitariya-gigiyena normalariga muvofiqligi to‘g‘risidagi xulosalari taqdim etiladi. Shundan so‘ng ariza ko‘rib chiqilib, ruxsatnoma olish mumkin bo‘ladi.
Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari tuman (shahar) hokimliklari tomonidan beriladigan ruxsatnomani olgan vaqtdan boshlab taʼlim faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega bo‘ladi.
Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya talab etilmaydi.
Hozir Prezidentning PQ 5144 qaroriga ko‘ra oilaviy bog‘chalarga 50 tagacha bola qabul qilish mumkin. Bu, albatta, bog‘chaning sig‘imiga bog‘liq.
Oldin bitta guruhda bitta tarbiyachi va bitta enaga ishlagan bo‘lsa, hozir 50 tagacha o‘rinli bog‘chada 4 ta — ikkita enaga, ikkita tarbiyachi mehnat qiladi. Ularning maoshi o‘sha hududdagi davlat bog‘chalari oylik maoshidan kam bo‘lmagan miqdorda belgilanadi. Maosh 1,75 koeffitsiyent bo‘yicha, keyingi oyning 5 kunida to‘lanadi.
Oilaviy bog‘chalarda 75 foiz bola davlat bog‘chalari to‘lovi bo‘yicha qabul qilinishi shart. Bu, albatta, hududiga qarab farq qiladi. Chunki viloyatlardagi to‘lov bilan poytaxtdagi to‘lov o‘rtasida tafovut mavjud.
Bolalarning qolgan 25 foizi bog‘cha egasi xohlagan to‘lov bo‘yicha qabul qilinishi mumkin. Bu, albatta, raqobatga, o‘sha hududning imkoniyatiga bog‘liq.
Kadrlar har uch yilda Taʼlim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan attestatsiyadan o‘tkaziladi.
Davlat-xususiy sheriklik nodavlat bog‘chalarining boshqa shakli ham mavjud.
Uni Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 noyabrdagi 944-qarorida ko‘rsatilgan yo‘riqnoma asosida ochish mumkin.
Ushbu qarorga muvofiq tadbirkor Maktabgacha taʼlim vazirligiga arizaga yer uchastkasiga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi haqidagi guvohnoma nusxasi, binoga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi haqidagi guvohnoma nusxasi (mavjud bo‘lgan taqdirda), ariza taqdim etiladigan kundan uzog‘i bilan bir oy oldin soliqlar, yig‘imlar, boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlik hamda boshqa moliyaviy sanksiyalar yo‘qligi to‘g‘risida maʼlumot, loyiha qiymatining kamida 25 foizini moliyalashtirish bo‘yicha xususiy sherikning imkoniyatini tasdiqlovchi hujjat yoki boshqa tashkilot kafilligi, tashkil etish rejalashtirilgan nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti binosining belgilangan tartibda tasdiqlangan va kelishilgan loyiha-smeta hujjatlari, hududdagi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati organlarining maktabgacha taʼlim tashkilotini qurish bo‘yicha xulosalari hamda nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti binosini qurish uchun dastlabki texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlarni ilova qilib topshiradi.
Ushbu hujjatlar o‘rganilgach, maʼqul topilsa, siz bemalol faoliyat yuritishingiz mumkin.
Dostonbek Baxtiyorzoda


