1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jamiyat

Xususiy bog‘cha: uni bugun qanday ochish mumkin?

Bugun yurtimizda tadbirkorlikning barcha turiga keng imkoniyat yaratilmoqda.

Xususiy bog‘cha: uni bugun qanday ochish mumkin?

 

Ularni tashkil etishdan tortib, oyoqqa turib rivojlanishigacha davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ilgari bir korxona ochish uchun oylab, baʼzan yillab davlat idoralari eshigi oldida sarson-sargardon yurilgan bo‘lsa, endi joylardagi davlat xizmatlari ko‘magida sanoqli kunlar ichida ochib, ishga tushirish imkoniyati yaratildi.

 

 Hozirgi kunda xususiy mulkchilikning turli shakllari paydo bo‘lmoqda. Xususiy bog‘chalar ham ana shular jumlasidan. Shu bois  ko‘pchilikda xususiy bog‘cha ochish uchun qayerga murojaat qilish kerak, uning uchun qanday hujjatlar zarur, degan savollar paydo bo‘lishi, shubhasiz. Bu, ayniqsa, xususiy bog‘cha ochish niyatida yurganlar uchun muhim.

 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi litsenziyalash bo‘yicha bosh mutaxassisi Sharofiddin Hamzayev bu borada quyidagilarni maʼlum qildi:

 

—   Faoliyatni boshlash uchun, eng avvalo, muqim bir joy (bino) tanlanadi va u kerakli  anjomlar bilan jihozlanadi. Shundan so‘ng  litsenziya olish jarayoni boshlanadi. Litsenziya olish uchun Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga murojaat qilinadi. Bu borada Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 27 martdagi qarori mavjud.

 

Nodavlat taʼlim xizmatlari ko‘rsatish sohasida taʼlim turlari bo‘yicha litsenziya olish uchun quyidagi hujjatlar davlat xizmatlari markaziga taqdim etiladi yoki elektron shaklda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga yuboriladi.

 

Birinchisi, litsenziya berish to‘g‘risidagi ariza. Unda kim yuridik shaxs bo‘lishi, xususiy bog‘chaning tashkiliy-huquqiy shakli, joylashgan manzili, pochta manzili, bank muassasasi nomi, bankdagi hisob raqami, faoliyatning litsenziyalanayotgan turi, taʼlim faoliyati yo‘nalishlari ro‘yxati keltiriladi. Bundan tashqari, arizada xususiy mulk egasining litsenziya talablari va shartlariga roziligi va elektron manzili ko‘rsatiladi.

 

Ikkinchi hujjat yong‘in va sanitariya-epidemiologiya nazorati organlarining mavjud bino va xonalarning yong‘in xavfsizligi talablari va sanitariya-gigiyena meʼyorlariga muvofiqligi to‘g‘risidagi xulosalaridan iborat. Uchinchi hujjatda pedagog kadrlar haqida maʼlumot beriladi. To‘rtinchisida o‘quv rejasi va dasturlarining elektron nusxasi taqdim etiladi.

 

Agar siz ixtisoslashtirilgan nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti tashkil etmoqchi bo‘lsangiz, Maktabgacha taʼlim vazirligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tegishli ruxsatnomalar olasiz va uning nusxalarini litsenziya olish to‘g‘risidagi arizaga ilova qilasiz.

 

So‘ng arizani ko‘rib chiqish uchun to‘lov qilasiz. To‘lov miqdori bazaviy hisoblashning ikki baravariga teng. Agar siz Yagona portal orqali murojaat qilishni mo‘ljallayotgan bo‘lsangiz, yuqoridagi summadan biroz kam, yaʼni uning 90 foizini to‘laysiz.

 

Litsenziya olish to‘g‘risidagi arizada ko‘rsatilgan elektron manzil sizning elektron shaklda xabarnoma olishga bo‘lgan roziligingiz hisoblanadi.

 

Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali zarur maʼlumotlar sizning elektron raqamli imzongiz bilan tasdiqlanadi.

 

Arizangizda agar kamchiliklar bo‘lsa, ko‘rib chiqilmaydi. Darvoqe, siz agar yolg‘on yoki noto‘g‘ri maʼlumot bersangiz qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishingiz mumkin.

 

Litsenziya olganingizdan so‘ng bemalol faoliyatingizni boshlashingiz mumkin. Chunki  siz endi tadbirkorsiz. Litsenziya sizga cheksiz muddatga beriladi. Uni deb boshqa ovora bo‘lmaysiz.

 

Dostonbek Baxtiyorzoda

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика