1-toifadagi o‘qituvchi Dilnoza Madrahimova Dehqonobod tumani xalq taʼlimi bo‘limiga qarashli 69-IDUMda ona tili va adabiyoti fanidan dars beradi. U Qozog‘istonning Nursulton shahrida MDH miqyosida o‘tkazilgan “Yil pedagogi-2021” hamda “Eng yosh olim-2021” xalqaro ilmiy-amaliy onlayn maqolalar ko‘rik tanlovida “Taʼlimga oid innovatsion yondashuvlar” yo‘nalishi bo‘yicha ilmiy maqolalari bilan ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
O‘qituvchi ikkita yo‘nalish bo‘yicha 1- va 2-o‘rinlarga sazavor bo‘ldi va ko‘krak nishoni, diplom bilan taqdirlandi. Shu bilan birga uning ilmiy maqolalari jurnalda chop etilib, “Xalqaro toifadagi o‘qituvchi” maqomini qo‘lga kiritdi.
“Bu yutuqlarga erishishimda tuman xalq taʼlimi, maktab jamoasi va barcha ustozlarimga, shular qatorida ilmiy rahbarim professor Nosirjon Ulug‘ovga mingdan-ming rahmat aytaman”, — deydi Dilnoza Madrahimova.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq innovatsion platforma o‘qituvchilar malaka oshirishi uchun yangi imkoniyat ekani hamda o‘qituvchilarga attestatsiyadan o‘tganlik to‘g‘risidagi sertifikat elektron shaklda berilishi haqida xabar berilgandi.


