Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan “Demokrat.uz” internet nashri rahbari Mehmonov Fazlidinxon Asatilloxon o‘g‘li hamda blogerlik faoliyatini yurituvchi G‘oipnazarov Aziz Abdulla o‘g‘liga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
IIBB matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil 15-dekabr kuni G‘oipnazarov Sergeli tumanida joylashgan avtosalonlardan biri faoliyatiga putur yetkazuvchi videomaterial tayyorlab, uni internet tarmog‘ida joylashtirgan. Shundan so‘ng Mehmonov va G‘oipnazarov mazkur videoni ijtimoiy tarmoqlardan o‘chirish, shuningdek, tadbirkorni obro‘sizlantiruvchi boshqa videomaterialni ommaviy axborot vositalarida e’lon qilmaslik evaziga jabrlanuvchidan tovlamachilik yo‘li bilan jami 50 ming AQSH dollari talab qilgani aniqlangan.
Ma’lum qilinishicha, Mehmonov jabrlanuvchidan 2026-yil 29-yanvar kuni 3 ming AQSH dollarini olgan. Shuningdek, 2026-yil 10-fevral kuni 17 ming AQSH dollarini olayotgan vaqtida daliliy ashyolar bilan qo‘lga olingan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.


