Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektor yig‘ilishida ayrim tuman hokimlarining bandlik va mahalliy loyihalarni amalga oshirish borasidagi faoliyati chuqur tanqid qilindi. Ta’kidlanishicha, bir qator hududlarda ko‘zbo‘yamachilik, samarasiz loyihalar va bandlik dasturlariga mas’uliyat bilan yondashmaslik holatlari davom etmoqda.
Yig‘ilish davomida Bosh vazirga Yashnobod, Buxoro, G‘ijduvon, Koson, Xatirchi, Qumqo‘rg‘on, Yangiyo‘l, O‘zbekiston, Guliston, Yakkabog‘, Andijon, Parkent, Toshkent, Nurobod, Uchtepa, Chortoq, Davlatobod, Oltinko‘l, Qiziriq va Kogon tumanlari hokimlariga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rish topshirildi.
Shuningdek, mahallalarda loyihalarni shakllantirish va moliyalashtirishni jadallashtirish maqsadida bank xodimlari biriktirilgan bo‘lsa-da, ayrim tumanlarda arzon davlat resurslari samarasiz loyihalarga yo‘naltirilayotgani keskin tanqid ostiga olindi. Mutasaddilarga joylarga tushib, loyihalar sifatini o‘rganish, nazoratni kuchaytirish va intizomni oshirish vazifalari yuklatildi.
Uzun tumani – namunaviy tajriba sifatida e’tirof etildi
Davlatimiz rahbari Uzun tumanida olib borilgan ishlarni ijobiy misol sifatida alohida qayd etdi. Joriy yilda tumandagi 51 ta mahalla uchun:
- 160 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan,
- 70 mln dollar xorijiy investitsiya jalb qilingan,
- 47 ta korxona ishga tushirilgan,
- 300 ta servis obyektida 1 ming nafar aholi bandligi ta’minlangan,
- Uzumchilik bo‘yicha 9 ta mahallada kooperatsiya yo‘lga qo‘yilgan,
- 2 mingdan ortiq mikroloyiha orqali 4 200 nafar fuqaroga daromad manbai yaratilgan.
Natijada Uzun tumanida kambag‘allik darajasi yil boshidagi 10,5 foizdan 3 foizgacha kamaygan.
Denov va Chiroqchi tumanlaridagi sustkashlik tanqid qilindi
Shu bilan birga, Uzun tumaniga nisbatan 4,5 barobar ko‘p mablag‘ olgan Denov tumani bu imkoniyatdan foydalanmagani alohida ta’kidlandi. Kambag‘allar reyestriga kiritilgan 1 200 ta oilaning daromadi o‘zgarmagani, tuman hokimligi ishlarni o‘z holiga tashlab qo‘ygani qayd etildi.
Xuddi shunday, Chiroqchi tumaniga tadbirkorlikni rivojlantirish uchun ajratilgan 309 mlrd so‘m kredit resurslari bo‘lishiga qaramay, aholiga qulay va tayyor biznes loyihalar taklifi shakllantirilmagani bildirildi.
Kadrlar bo‘yicha Denov tumani hokimi I. Abrorov, uning birinchi o‘rinbosari Sh. To‘raqulov, Chiroqchi tumani hokimi F. Yusupov, uning birinchi o‘rinbosari Z. Ergashev lavozimidan ozod etilishi belgilandi.


