Unda Diyorbek O‘zbekiston Milliy antidoping agentligining «Milliy test ro‘yxati»ga kiritilgan bo‘lib, rejali tarzda doping-nazoratidan o‘tishi belgilangan. Joriy yilning 6 may kuni sportchidan musobaqadan tashqari davrda doping-sinama olingan. Tekshiruv natijasida sportchi tomonidan Butunjahon antidoping kodeksi va O‘zbekiston Milliy antidoping qoidalarining 2.1-moddasida ko‘rsatilgan antidoping qoidabuzarligi sodir etgani, yaʼni taqiqlangan “Meldonium” moddasi isteʼmol qilgani aniqlangan.
“Meldonium” taqiqlangan moddalar ro‘yxatining S4. Gormonlar va metabolizm modulyatorlari sinfiga kiradi. Buning natijasida O‘razboyev 3 yil muddatga diskvalifikatsiya qilindi. Chetlatish muddati 2021 yil 16 avgustdan 2024 yil 15 avgustga qadar etib belgilangan.
Dzyudochi diskvalifikatsiya muddati tugagunga qadar Butunjahon antidoping kodeksi va O‘zbekiston Milliy antidoping qoidalarining 2.1-moddasida belgilanganidek, xalqaro va milliy toifadagi musobaqalarda ishtirok etishi taqiqlanadi.
O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi ushbu xabar yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi. Diyorbek O‘razboyev milliy terma jamoa aʼzosi sifatida oxirgi ishtirok etgan musobaqasi 2021 yilning 18-20 fevral kunlariga to‘g‘ri keladi. U shu sanada Tel-Aviv (Isroil)da o‘tgan «Katta Dubulg‘a» turnirida qatnashgan.
Ushbu musobaqadan keyin bir necha bor o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga taklif qilinishiga qaramay, ishtirok etishni istamagan. Bu borada uning o‘zi ham, oila aʼzolari ham ogohlantirilgan. O‘zi bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilgan. Vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarmasa, milliy terma jamoadan chetlatilishi bo‘yicha ogohlantirish berilgan.
Diyorbek Baxtiyor o‘g‘li 2021 yilning fevralidan to shu kungacha dzyudo bilan shug‘ulanmay kelayotgani, tashkil etilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari, xalqaro musobaqalarda ishtirok etmayotgani sababli O‘zbekiston milliy terma jamoasi aʼzoligidan chiqarilgan.
Unda aytilishicha, doping-tahlil O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi tomonidan olingan bo‘lib, Diyorbek O‘razboyevning “Rio-2016” Olimpiadasidagi medaliga hech qanday taʼsir o‘tkazmaydi.
Jamshidbek Amirov


