Rasmiy maʼlumotlarda 69 nafar bolaning o‘limiga sabab bo‘lgani aytilgan “Dok-1 Maks” dori vositasi bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha yakuniy sud qarori 26 fevralda eʼlon qilinadi. Sud majlisi soat 15:00 da Toshkent shahar sudida boshlanadi.
Maʼlumot uchun, 2023 yilning 11 avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri sudi Hindistonning Marion Biotech farmatsevtika kompaniyasi dori vositalari, jumladan, “Dok-1 Maks” yo‘tal siropini isteʼmol qilishi oqibatida kamida 69 nafar bolaning o‘limi bilan bog‘liq jinoyat ishini ko‘rib chiqishni boshlagan.
Ayblanuvchilar 21 kishi (16 erkak va 5 ayol)ni tashkil etadi, jumladan, Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi sobiq direktori S.K. va Quramax Medikal direktori R.P.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yil 30 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan yig‘ilishda davlat rahbari sog‘liqni saqlash sohasiga to‘xtalib, “Dok-1 Maks” preparatini qabul qilish oqibatida bolalar hayotdan ko‘z yumgani bilan bog‘liq vaziyatni qattiq tanqid qilgandi.


