Buyuk Britaniya sudi Dubay amiri, shayx Muhammad bin Rashid al-Maktum va Iordaniya malikasi Xayyaning farzandlari uchun vasiylik qilish huquqini bolalarning onasiga berish qaroriga keldi.
London Oliy sudi malika Xayyani Dubay amiri bilan birga hayot kechirgan vaqtda turmush o‘rtog‘i tomonidan amalga oshirilgan “shafqatsiz zo‘ravonlik” qurboni bo‘lgan deb topgan. Shu tariqa Dubayning 14 yoshli malikasi Jalila va 10 yoshli shahzodasi Zayedga vasiylik qilish huquqi malika Xayyada qoldirilgan.
Sudya Endryu Makfarleynning aytishicha, shayx Muhammad uning irodasiga qarshi xatti-harakat qilgan oila aʼzolarini nazorat qilishga doimiy ravishda urinib kelgan.
Kichik malika va shahzodaning otasi bilan telefon va matnli xabarlar orqali muloqot qilishi ham cheklanadi. Bunga qadar Muhammad bin Rashid al-Maktumning o‘zi ular bilan bevosita aloqa qilishdan voz kechgan edi.
Eslatib o‘tamiz, malika Xayya bint al-Husayn BAA bosh vaziri, Dubay amiri Muhammad bin Rashid al-Maktum bilan 2004-yilda oila qurgan. U Iordaniyaning marhum qiroli Husayn ibn-Talalning qizi. Ayni vaqtdagi qirol Abdulla II ning singlisi hisoblanadi. Malika 2019-yilning yoz faslida farzandlari bilan birga Dubay shahridan Londonga qochib ketgan edi.


