1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jahon

Dubayda xorijliklar uchun ko‘chmas mulk sotib olish qoidalari yangilandi

Dubaydan uy-joy sotib olmoqchi bo’lgan o’zbekistonliklar yangi tartiblarga rioya qilishlari kerak bo’ladi.

Dubayda xorijliklar uchun ko‘chmas mulk sotib olish qoidalari yangilandi

 

BAAning eng yirik shahri Dubayda ko‘chmas mulk bozoridagi xorijiy investorlar uchun yangi tartib joriy etildi. Shahar hokimiyati tomonidan tasdiqlangan yangi qoidalarga ko‘ra, endilikda norezidentlarga tegishli mulkni sotishdan tushgan barcha mablag‘lar faqatgina mulk egasining o‘ziga tegishli bank hisob raqamiga o‘tkazilishi lozim. Bu haqda RBK manbasiga tayanib point.md nashri xabar berdi.

 

Avvalgi amaliyotda ko‘plab xorijiy investorlar agentlar, qarindoshlar yoki ishonchli shaxslar orqali bitimlarni amalga oshirib, to‘lovlarni uchinchi shaxslar orqali qabul qilib olishardi. Yangi qoidalar bu holatga chek qo‘ymoqda.

 

Yangi tartib, birinchi navbatda, Dubayda ko‘chmas mulkka egalik qiluvchi, biroq amalda BAAda yashamaydigan masofaviy investorlarga, shuningdek offshor hisoblar orqali operatsiya yurituvchi shaxslarga ta’sir qiladi. Endilikda ularning har biri Dubaydagi mahalliy banklarda hisob ochib, Emirates ID (rezident guvohnomasi) olishlari talab etiladi. Bu hujjat faqat yashash uchun ruxsatnoma mavjud bo‘lgandagina beriladi.

 

Mazkur chora-tadbirlar BAA tomonidan jinoiy daromadlarni legallashtirish va moliyaviy firibgarliklarning oldini olish maqsadida amalga oshirilayotgan keng qamrovli tartibga solish strategiyasining bir qismidir.

 

Property Finder agentligining hisobotiga ko‘ra, 2024-yilda Dubay ko‘chmas mulk bozori tarixiy natijalarga erishdi. Yil davomida umumiy qiymati 522,5 milliard dirham (taxminan 142,3 milliard AQSh dollari) bo‘lgan 180 987 ta bitim tuzilgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan hajmda 36,5 foiz va qiymatda 27,2 foiz o‘sishni anglatadi.

 

Agentlik rahbari Sherif Sleyman so‘zlariga ko‘ra, 2025-yilda bu o‘sish tendensiyasi davom etishi mumkin. Shuningdek, yil davomida 41 mingga yaqin yangi uy-joy taqdim etilishi kutilmoqda, ammo ularning atigi 5 mingdan ortig‘i villalar va shaharchalardir. Bu esa premium turdagi uy-joylar segmentida talab ortib borayotgani, ammo taklif yetarli emasligini anglatadi.

 

Dubay Yer departamenti tomonidan yaqinda joriy etilgan “Aqlli ijara indeksi” kabi tashabbuslar esa shaffoflik va ishonchni oshirishda muhim rol o‘ynamoqda.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика