SIPRI (Stokgolm xalqaro tinchlik tadqiqotlari instituti) 56-yillik hisobotida aytishicha, dunyo yangi yadroviy qurollanish poygasiga kirib bormoqda. AQSh, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Britaniya, Fransiya, Shimoliy Koreya va Isroil yadroviy arsenallarini jadal kengaytirmoqda.
Hisobotda ta’kidlanishicha, yangi yadroviy kallaklar soni tez sur’atda ortmoqda va bu demontaj qilinayotgan eski qurollar sonidan oshib ketmoqda. Xitoy ayniqsa tez rivojlanayotgan davlat sifatida ko‘rsatilib, uning yadroviy zahirasi 600 ta kallakka yaqinlashgani aytilmoqda.
Xitoy yuzlab yangi raketa shaxtalarini qurmoqda, bu esa uni 2020-yillarning oxiriga kelib AQSh va Rossiyaga yaqinlashtirishi mumkin. SIPRI hisobicha, Xitoy 2035-yilgacha 1500 ta yadroviy kallak ishlab chiqarishi mumkin.
Shuningdek, Shimoliy Koreya ham o‘z yadroviy imkoniyatlarini keskin oshirish yo‘lida harakat qilmoqda. SIPRI bu holatni jahon xavfsizligiga tahdid sifatida baholamoqda.


