Nashrning keltirishicha, “Pegasus”dan siyosiy tanqidchilarni kuzatgan davlatlar orasida bosh vazir Viktor Orban boshchiligidagi Vengriya hukumati ham bor. Shuningdek, josuslik dasturidan matbuotga qarshi foydalanishga ruxsat bergan boshqa davlatlar qatoriga Ozarbayjon, Qozog‘iston, Hindiston, Isroil, Bahrayn, Meksika, Marokash, Ruanda, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari kiritilgan.
Taʼkidlanishicha, buni aniqlashda dunyoning 17 ta mashhur nashrlari, jumladan, «The Washington Post», «The Guardian», “Haaretz” kabi yirik nashrlar birgalikda ishlagan. Loyiha «Amnesty International»ning texnik ko‘magi bilan Fransiyaning «Forbidden Stories» notijorat tashkiloti tomonidan muvofiqlashtirilgan.
Taʼkidlanishicha, tergov xakerlik hujumiga uchragan bo‘lishi mumkin bo‘lgan 50 mingta telefon raqamlari ro‘yxatiga asoslanadi. OAV maʼlumotlariga ko‘ra, ro‘yxatdagi eng eski yozuvlar 2016 yilga tegishli. Jurnalistlar 50 dan ortiq mamlakatda mingdan ortiq raqam egalarini aniqlagan. «Amnesty International» tahlillari shuni ko‘rsatdiki, jurnalistlarga tegishli kamida 23 ta telefon “Pegasus” virusini muvaffaqiyatli yuqtirgan va yana 14 tasida xakerlik hujumining alomatlari bor.
Qayd etilishicha, Vengriyada “Direkt36” tergov nashrining ikki jurnalisti telefonlari hujumga uchragan. Ozarbayjonda kuzatuv olib borilishi mumkin bo‘lganlar qatoriga 48 nafar jurnalistlar kiritilgan, ularning aksariyati mamlakatdagi korrupsiya va repressiyalarni tanqid qilgan.
Hakerlik hujumi maqsadi nafaqat mahalliy nashrlar, balki xalqaro va yirik milliy nashrlar “CNN”, «Associated Press», «Voice of America», «New York Times», «Wall Street Journal», “Bloomberg”, «Financial Times», shuningdek, Fransiyaning «Le Monde» va Qatarning “Al-Jazeera” kanali jurnalistlariga ham qaratilgan bo‘lgan.
Maʼlumot uchun, ushbu josuslik dasturiy taʼminoti faqat davlat idoralariga va faqat Isroil hukumatining ruxsati bilan sotiladi. “Pegasus” barcha maʼlumotlarni telefondan olish imkonini beradi.


