Xitoy shimolida, jumladan Pekin, Tyantszin va Xebey provinsiyasida 11 apreldan 13 aprelgacha kuchli shamollar kuzatilishi kutilmoqda. Meteorologlar shamol tezligini soatiga 150 km gacha yetishini prognoz qilmoqda. Shu sababli, rasmiylar og‘irligi 50 kilogrammdan kam bo‘lgan fuqarolarga xavfsizlik nuqtai nazaridan uydan chiqmaslikni tavsiya qilmoqda. Bunga sabab ularni kuchli shamol uchirib yuborishi mumkin.
Bu Pekin uchun so‘nggi o‘n yildagi eng jiddiy vaziyat bo‘lib, shamol 17 balli shkala bo‘yicha Xitoyda 11-13 darajaga yetishi kutilmoqda — bu esa katta zararlar va keng miqyosdagi halokatlarga olib kelishi mumkin.
Shu sababdan Xotoyda dam olish kunlari barcha maktab va universitetlar yopiladi, parklar, attraksionlar va istirohat bog‘lari faoliyati to‘xtatiladi, qurilish ishlari to‘xtatiladi va baʼzi poyezd qatnovlari bekor qilinadi.
Havoning bu kabi keskin yomonlashuvi Xitoy rasmiylarini jiddiy xavfsizlik choralari ko‘rishga majbur qilmoqda. Aholidan, ayniqsa yengil vaznli kishilardan, ogohlik va ehtiyotkorlik talab etilmoqda.


