Ekvadorda 20-avgustga belgilangan prezidentlik saylovlari sanasi nomzodlardan birining o‘ldirilishi fonida o‘zgarmaydi, dedi mamlakat milliy saylov kengashi rahbari Diana Atamaint.
“20-avgustga belgilangan saylovlar sanasi o‘zgarishsiz qoladi”, — dedi u Ekvador Prezidenti ma’muriyatining YouTube’dagi kanalida efirga uzatilgan xalqqa murojaatida.
Avvalroq nomzodlardan biri Fernando Villavisensio tahdidlarga uchragani va chorshanba kuni Kitodagi miting chog‘ida o‘ldirilgani, hujum oqibatida to‘qqiz kishi jarohatlangani haqida xabar berilgan edi. Ekvador Bosh prokuraturasi qotillikda gumon qilingan shaxs otishmada yo'q qilinganini ma'lum qilgan. Mamlakat bo'ylab 60 kunlik favqulodda holat va 3 kunlik motam e'lon qilindi.


