
Ammo uning IT sohasiga ham qiziqishi baland.U yaqinda “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan eʼlon qilingan tanlovda qatnashib, kompyuter texnologiyalari va informatika sohasi bo‘yicha Buyuk Britaniyaning Aberdeen universitetida tanlagan yo‘nalishi bo‘yicha magitraturada o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Gulnozaning o‘qishi uchun sarflanadigan mablag‘ hech qanday shartlarsiz jamg‘arma tomonidan to‘lab beriladi.
G.Hamidovadek isteʼdodli yoshlarning orzulariga qanot, kelajagiga umid baxsh etayotgan “El-yurt umidi” jamg‘armasining navbatdagi 350 o‘rinlik tanlovida jami 196 nafar nomzod ishtirok etgan. Ularning 78 nafari stipendiat bo‘ldi. Bu haqda tashkilot tashabbusi bilan tashkil etilgan matbuot anjumanida aytildi.
Taʼkidlanganidek, “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan ilk marotaba bakalavriatga 100 o‘rin, magistratura va doktoranturaga esa oldingi yillarga nisbatan besh barobar ko‘p o‘rin ajratish tashabbusi eʼlon qilingan. Jamg‘armaning barcha taʼlim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar bo‘yicha 350 o‘ringa mo‘ljallangan navbatdagi stipendiya tanlovlari joriy yil aprel-iyun oylarida o‘tkazildi. Tanlovga qo‘yilgan 350 o‘ringa 3810 nafar nomzod ariza bergan bo‘lib, jamg‘arma talabiga to‘liq javob bergan (xorijiy tilni CEFR B2 darajada o‘zlashtirgan va xorijiy taʼlim muassasasiga o‘qishga qabul qilingan) jami 196 nafar nomzod tanlovlarda ishtirok etgan.
Jami 78 nafar stipendiatning 37 nafari AQSH, 21 nafari Buyuk Britaniya, 4 nafardan Germaniya va Italiyaga, 3 nafar Kanada, 2 nafardan Belgiya va Rossiyaga, 1 nafardan Avstraliya, Avstriya, Ispaniya, Fransiya va Malayziya davlatlariga to‘g‘ri keladi. Stipendiatlarning 31 nafari bakalavriat, 38 nafari magistratura va 9 nafari doktorantura taʼlim dasturlariga to‘g‘ri kelmoqda.
Bahriniso MADUMAROVA


