1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Elektr cheklovlari qo‘yilgan holatlar qayta o‘rganiladi — Raqobat qo‘mitasi

Asossiz qarzdorlik holatlari yuzasidan elektr taʼminotiga kiritilgan vaqtinchalik cheklovlarni qayta ko‘rib chiqish yuzasidan Chiqindilarni boshqarish agentligiga so‘rov yuborildi.

Elektr cheklovlari qo‘yilgan holatlar qayta o‘rganiladi — Raqobat qo‘mitasi

 

Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan asossiz qarzdorlik holatlari sabab elektr energiyasi to‘lovlariga kiritilgan vaqtinchalik cheklovlarni qayta ko‘rib chiqish yuzasidan Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligiga rasmiy so‘rov yuborildi.

 

Maʼlum qilinishicha, 2025-yil davomida qattiq maishiy chiqindilarni tashish xizmatlari bo‘yicha qo‘mita va uning hududiy organlariga 1141 ta murojaat kelib tushgan. 2026-yilning dastlabki oylarida esa ushbu masala yuzasidan 850 dan ortiq murojaat qayd etilgan.

 

Murojaatlarda asosan chiqindilarni o‘z vaqtida olib ketilmasligi, xizmat sifati pastligi, shartnoma shartlariga amal qilinmasligi, shuningdek, xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar tomonidan asossiz qarzdorlik hisoblanishi holatlari ko‘tarilgan. Ayrim hollarda ushbu qarzdorliklar sabab fuqarolarning elektr energiyasi to‘lovlariga cheklovlar kiritilgani yuzasidan eʼtirozlar bildirilgan.

 

O‘rganishlar davomida ayrim hududlarda chiqindilarni olib chiqib ketishning belgilangan minimal davriyligiga amal qilinmayotgani va fuqarolarga asossiz qarzdorliklar hisoblanayotgani aniqlangan. Murojaatlarning asosiy qismi Namangan, Qashqadaryo, Jizzax, Toshkent va Farg‘ona viloyatlariga to‘g‘ri kelmoqda.

 

Qo‘mita tomonidan chiqindilarni o‘z vaqtida va sifatli olib chiqib ketishni taʼminlash, asossiz qarzdorliklar hisoblanishining oldini olish hamda asossiz qarzdorlik sabab kiritilgan elektr cheklovlarini qayta ko‘rib chiqish choralarini ko‘rish so‘ralgan.

 

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqish xizmatlari belgilangan muddat va davriylikda amalga oshirilishi shart. Xizmat ko‘rsatilmagan yoki sifatsiz ko‘rsatilgan hollarda isteʼmolchi tegishli davr uchun to‘lovdan ozod etiladi.

 

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика