Joriy yil oxirigacha “Toshkent – Andijon” muqobil pullik avtomobil yo‘lini qurish bo‘yicha mega-loyiha boshlanadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev andijonlik saylovchilar bilan uchrashuvda ma'lum qildi.
“Vodiy aholisining uzog‘ini yaqin qilish maqsadida “Andijon – Farg‘ona – Qo‘qon – Namangan – Andijon” temiryo‘l halqasi bo‘ylab 4 ta elektropoyezdlar harakati yo‘lga qo‘yiladi. Natijada kuniga 8 ta qatnov tashkil etilib, 10 mingga yaqin yo‘lovchi tashiladi. Bunga 40 million dollar jalb qilinadi.
Shuningdek, Andijon xalqaro aeroporti zamonaviy standartlar asosida to‘liq taʼmirlanadi va bu ishlarga 350 million dollar yo‘naltiriladi.
Shu yil oxirigacha Jahon banki bilan birga, “Toshkent – Andijon” muqobil pullik avtomobil yo‘lini qurish bo‘yicha 2,5 milliard dollarlik mega-loyiha boshlanadi. Loyihani amalga oshirish natijasida, Andijondan Toshkent shahriga borish vaqti hozirgi 5 soatdan 3 soatga qisqaradi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev andijonlik saylovchilar bilan uchrashuvda.


