O‘zbekistonda kartoshka yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va urug‘chilikni rivojlantirish bo‘yicha yangi chora-tadbirlar belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Qarorga muvofiq, 2028-yildan boshlab har yili unuvchanligi 85 foizdan past bo‘lmagan kamida 10 million dona kartoshka mini-tuganaklari yetkazib beriladi. 2030-yilga borib esa hosildorlikni 16–17 tonnadan 25–30 tonnagacha oshirish rejalashtirilgan.
2026-yildan Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi orqali fermerlarga yillik 12 foiz stavkada, 6 oylik imtiyozli davr bilan 12 oy muddatga kreditlar beriladi. Ushbu mablag‘lar kartoshka yetishtirish xarajatlarining 50 foizigacha moliyalashtirish imkonini beradi.
Shuningdek, 2026-yildan kartoshka yetishtiruvchilar tomonidan quyosh panellari o‘rnatish xarajatlarining 50 foizigacha, biroq 50 million so‘mdan oshmagan qismi davlat byudjetidan qoplab berilishi belgilandi.


