O‘zbekistonda harbiy xizmatga chaqiriluvchilarni tanlab olish tartibi bo‘yicha hukumat qarori asosida yangi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Ushbu nizom orqali fuqarolarni O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining muddatli harbiy xizmatiga tanlab olish, shuningdek, harbiy-texnik mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorgarlikka jalb etishning yagona tartibi belgilandi.
Endilikda fuqarolar tanlovda yiliga faqat bir marta ishtirok etishlari mumkin. Tanlov jarayoni har yili 10 avgustdan kelasi yilning 10 fevraliga qadar amalga oshiriladi.
Chaqiriluvchilar quyidagi mezonlar asosida baholanadi:
Harbiy xizmatga bo‘lgan qiziqish va ishtiyoq;
Huquqbuzarlik sodir etganlik yoki sudlanganlik holatlari;
Sog‘lig‘i holati va umumiy jismoniy tayyorgarligi;
Bilim darajasi va oilaviy sharoiti.
Umumjismoniy tayyorgarlik quyidagi normativlar asosida aniqlanadi:
Turnikda tortilish;
100 metrga yugurish;
3000 metrga yugurish.
Tanlov yakunida har bir chaqiriluvchi bo‘yicha “tavsiya etiladi” yoki “tavsiya etilmaydi” degan xulosa chiqariladi.
Shuningdek, 1-avgustdan boshlab safarbarlik chaqiruvi rezervida (1 oylik xizmat) qatnashish uchun to‘lanadigan to‘lov miqdori yangilanadi. Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 10% ga oshirilishi natijasida, bir oylik xizmat badali 8 million 897 ming so‘m etib belgilandi (ilgari 8 million 85 ming so‘m edi).
Quyidagi raqamlar mazkur to‘lov miqdorining yillik o‘sishini aks ettiradi:
2019-yil — 4 mln 40 ming so‘m
2020-yil — 4 mln 755 ming so‘m
2021-yil — 5 mln 754 ming so‘m
2022-yil — 6 mln 440 ming so‘m
2023-yil — 6 mln 860 ming so‘m
2024-yil — 8 mln 897 ming so‘m
To‘lovlar bir yo‘la yoki bo‘lib-bo‘lib, yil davomida amalga oshirilishi mumkin. Ushbu mablag‘lar Mudofaa vazirligi tasarrufidagi maxsus hisob raqamga yo‘naltiriladi va harbiy xizmatchilar nafaqasi hamda texnik ta’minotni yaxshilash uchun ishlatiladi.
Fuqarolar 27 yoshga to‘lgunga qadar safarbarlik chaqiruvi rezervi xizmatiga qabul qilinishi mumkin. Ular zarurat tug‘ilganda — masalan, favqulodda holatlar yoki harbiy tahdidlar yuzaga kelganida — haqiqiy harbiy xizmatga jalb qilinadi.


