Maktabda o‘qib yurgan paytimda biologiya fani o‘qituvchimga bir savol bilan murojaat qilgandim. Nima uchun insonlar alkogol va tamaki mahsulotlari sog‘liq uchun zararli ekanini bila turib, uni isteʼmol qilaverishadi? Ahir, sigareta qutisida, aroq idishida ularning salbiy taʼsirlari haqida ogohlantiruvchi yozuvlar bor-ku? Nima uchun bu turdagi tovarlarning mamlakatdagi savdosiga chek qo‘yilmaydi?
O‘qituvchimiz doimiy sigareta chekishga o‘rgangan odamning keyinchalik bu odatdan qutulishi qiyin ekanligini va mamlakatda tamaki savdosining to‘xtatilishi bunga yechim bo‘lolmasligini aytgandi.
“Bu turdagi mahsulotlar savdosiga butunlay chek qo‘yilsa, odamlar baribir noqonuniy yo‘llar bilan uni topib, isteʼmol qilaveradi”, — degan edi ustoz.
Afsuski, bugun butun dunyoda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham tamaki chekuvchilar qatlami toboro yosharib boryapti. Ayniqsa, maktab yoshidagi bolalar o‘rtasida sigareta chekish ommalashib, “moda” tusiga kirmoqda. Ular orasida hatto kuniga bir quti tamakini isteʼmol qilib yuboradiganlari ham borligi achinarli.
Xo‘sh, bu kabi holatlarning ko‘payishiga asosiy sabab nima? Yoshlarning kundan-kunga “zamonaviylashib” borayotganimi yoki yozilgan qonunlarning ishlamayotganimi?
Qonunchilikda bu bo‘yicha alohida cheklovlar kiritilgan, lekin ular amalda o‘z ifodasini topmayapti. Xususan, Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalarini hamda O‘zbekiston Respublikasida umumiy ovqatlanish mahsulotlarini (xizmatlarini) ishlab chiqarish va sotish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida alkogol va tamaki mahsulotlari bilan chakana savdo qilish faoliyati bilan faqat yuridik shaxslar shug‘ullanishi belgilab qo‘yilgan. Mazkur faoliyat bilan shug‘ullanish yakka tartibdagi tadbirkorlarga taʼqiqlangan. Lekin bugun deyarli har qadamda: ko‘chada ham, bozorda ham va maktab atrofidagi oziq-ovqat do‘konlarida ham sigareta xarid qilish mumkin. Ayniqsa, odam gavjum joylarda hech qanday ruxsatnomaga ega bo‘lmagan shaxslar yo‘l yuzida kichkina stol qo‘yib olib, tamaki mahsulotlar sotib o‘tirishadi.
Joriy yilning mart oyida shunga o‘xshash holat kuzatilgan: Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanidagi bog‘cha yonida savdo do‘koni tashkil qilib, noqonuniy alkogol mahsulotlarini sotish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan shaxs aniqlanib, unga nisbatan chora ko‘rilgan.
Yuqoridagi qarorda, shuningdek, tamaki mahsulotlarini donalab (qutisiz, o‘ramsiz) sotish mumkin emasligi ko‘rsatib o‘tilgan. Ammo bu qoidaga ham deyarli hech qayerda amal qilinmaydi.
Eng muhimi, qarorda 20 yoshga to‘lmagan shaxslarga alkogol va tamaki sotish taqiqlangani aniq va tiniq yozib qo‘yilgan. Unga ko‘ra, mazkur turdagi mahsulotlarni sotayotgan sotuvchi ko‘rinishi yigirma yoshdan kichik ko‘ringan xaridordan uning yoshini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatishni talab qilishi, hujjat mavjud bo‘lmagan taqdirda esa sotishni rad etishi shart. Lekin amalda sotuvchilar bunga ahamiyat berishmaydi. 7 yoshdan 70 yoshgacha xaridorlar o‘zlari istagan nuqtada, istagan miqdorda sigareta xarid qilaveradi.
Joriy yilning 19-dekabr kuni Senatning Fan, taʼlim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasining majlisida “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda isteʼmol qilinishini cheklash to‘g‘risida” Qonuni loyihasi ko‘rib chiqildi. Endilikda alkogol va tamaki mahsulotlarining, tamakini hamda nikotinni isteʼmol qilish moslamalarining yigirma bir yoshga to‘lmagan shaxslarga realizatsiya qilish va ushbu shaxslar tomonidan realizatsiya qilinishi, alkogol va tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilish jarayoniga ushbu shaxslarni jalb etish taqiqlanmoqda.
Shu o‘rinda haqli bir savol tug‘iladi: yosh chegarasini bir yoshga uzaytirish bilan nimaga erishish mumkin? 20 yoshlik cheklovda ishlamagan qoidalarga 21 yoshlik cheklovda rioya qilinadimi?


