Toshkent shahrida tez yordam chaqirilganidan so‘ng uning harakatini onlayn kuzatish imkoniyati paydo bo‘ldi. Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi tomonidan ishlab chiqilgan ushbu yangi tizim pilot loyiha sifatida joriy etildi.
Loyiha Yandex Uzbekistan bilan hamkorlikda amalga oshirilgan bo‘lib, fuqarolar tez yordam kelayotgan yo‘nalishni avval brauzer orqali, keyinchalik esa Yandex Go ilovasi orqali ham kuzatishlari mumkin bo‘ladi.
Tez yordam chaqirilgan zahoti, foydalanuvchiga SMS orqali xaritaga olib boruvchi havola yuboriladi. Loyihaning keyingi bosqichida esa Yandex Go ilovasi orqali “push-xabarnomalar” orqali tez yordamning joylashuvi va yetib kelish vaqti haqida maʼlumot beriladi.
Markaz rahbari Abduvoitjon G‘afurovning so‘zlariga ko‘ra, bu raqamli yechim jarayonlarni ochiqroq va aholi uchun qulayroq qilishga qaratilgan. Shu bilan birga, dispetcherlarga tushayotgan yukni kamaytirishi ham kutilmoqda.
Rasmiy maʼlumotlarga ko‘ra, hozirda respublika bo‘ylab har kuni taxminan 40 mingtacha qo‘ng‘iroq qabul qilinadi, ularning 60 foizga yaqini — shoshilinch chaqiruvlardir.
Hozircha ushbu tizim Toshkent shahridagi chaqiruvlar uchun amal qilmoqda. Kelgusida uni boshqa hududlarga ham joriy etish rejalashtirilgan.


