Talabalar turar joylari va ijara xonadonlari bo‘yicha maʼlumotlar markazi ishga tushdi. Bu haqda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, barcha davlat oliy taʼlim muassasalari hududiga kirish joylarida maxsus markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad talabalarni turar joy bilan taʼminlashda navbatlarning oldini olish, talabalarning turar joysiz qolishlari ehtimolini bartaraf etishdan iborat.
“Markazda ko‘ngilli lider yoshlar hamda tyutorlar faoliyat yuritib, turar joyga muhtoj talabalarning yotoqxona va ijara xonadonlari bilan taʼminlanishini nazorat qiladilar, ularga amaliy yordam beradilar”, — deyiladi xabarda.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining maʼlumotlar markazi talabalar shaharchasining eng gavjum yo‘laklarida – vazirlik binosi yonida joylashgan bo‘lib, u shtab sifatida faoliyat yuritadi.
Shtabda barcha oliy taʼlim muassasalarida tashkil etilgan maʼlumotlar markaziga kelib tushgan so‘rovlar va amalga oshirilgan ishlar monitoringi yuritilib, talabalarning turar joy bilan taʼminlanishi uchun amaliy ko‘mak ko‘rsatiladi.
Eslatib o‘tamiz, bu yil o‘qishga kirish uchun hujjat topshirgan abituriyentlar soni 948 486 nafarni tashkil etdi. Test sinovlari hududlardagi abituriyentlar soni va imtihonlar o‘tkaziladigan binolarning sig‘imiga qarab 11 kundan 13 kungacha davom etdi.


